Home / Milliy bayramlar / 8 dekabr — Konstitutsiya kuni

8 dekabr — Konstitutsiya kuni

8-dekabr

8 dekabr — Konstitutsiya kuni

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Parlament tomonidan 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan. Ushbu bayran butun O’zbekiston bo’ylab keng nishonlanadi.

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 18 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi.
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Qadrli do‘stlar!
Xonimlar va janoblar!
Shu kunlarda Asosiy Qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 18 yilligi mamlakatimizda tantanali ravishda bayram qilinmoqda. Davlatimiz va xalqimiz hayotida tom ma’noda tarixiy sana bo‘lgan ushbu ayyom haqida gapirar ekanmiz, biz Konstitutsiyamizning bugungi O‘zbekiston davlatchiligining tiklanishi va rivojlanishidagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini yuksak baholaymiz. Va shu asnoda mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadga erishish, ya’ni yurtimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirishda Konstitutsiyamizning mustahkam poydevor bo‘lib kelayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Bugun O‘zbekistonimiz bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘lini xolisona baholar ekanmiz, o‘tgan davr mobaynida biz erishgan, dunyo jamoatchiligi tan olgan olamshumul yutuq va marralar, avvalambor, izchil rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz va uning barqaror o‘sish sur’atlari, aholi farovonligining yildan-yilga oshib, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obro‘-e’tiborining tobora yuksalib borayotgani – bularning barchasi Konstitutsiyamizning asosiga qo‘yilgan, chuqur va puxta o‘ylangan maqsad, prinsip va normalarning hayotbaxsh samarasi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qisqacha aytganda, biz tanlagan va «o‘zbek modeli» deb nom olgan mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi yaqqol tasdiqlab bermoqda. Biz o‘z umrini o‘tab bo‘lgan mustabid, buyruqbozlik va rejali-taqsimot tizimidan qanchalik uzoqlashganimiz sari, milliy taraqqiyot modelimizning asosini tashkil etadigan tamoyil va normalarning nechog‘lik to‘g‘ri ekaniga bo‘lgan ishonchimiz shu qadar ortib bormoqda. Bu tamoyillar, birinchi navbatda, hayotimizni mafkuradan to‘la xoli qilish, kommunistik qolip va qarashlardan voz kechish, qonunning hamma uchun ustuvor bo‘lishi, davlatning bosh islohotchi rolini o‘ziga olishi, inqilobiy emas, aksincha, tadrijiy taraqqiyot yo‘lidan rivojlanish, ya’ni islohotlarni «Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang» degan prinsip asosida izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish, shuningdek, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish kabi qoidalarni o‘z ichiga oladi. Ana shu tamoyillarga amal qilgan holda, biz o‘tgan davr mobaynida haqiqatan ham juda katta tarixiy yutuqlarga erishdik va bu bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.
Biz erishgan ulkan marralarning eng muhimi – eski tizimdan butunlay voz kechib, mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirish yo‘lidan dadil borayotganimiz va bu jarayonning hech qachon ortga qaytmaydigan qat’iy va izchil tus olganidir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda odamlarimiz, ularning ijtimoiy ongi, hayotga munosabati tobora o‘zgarmoqda, vatandoshlarimizning siyosiy yetukligi, yurtimizda va dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan fuqarolik mas’uliyati, daxldorlik hissi oshib bormoqda. Va aynan shularning barchasi mamlakatimizning taraqqiyot va farovonlik yo‘lidan izchil rivojlanib borishini, yangi marralarni qo‘lga kiritishimizni ta’minlayotgan qudratli harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, amalga oshirgan ishlarimizni e’tirof etgan holda, biz bir haqiqatni esdan chiqarishga haqqimiz yo‘q, deb o‘ylayman: ya’ni, hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. Bosib o‘tgan yo‘limizni va mamlakatimizning dunyoda sodir bo‘layotgan tub o‘zgarishlar jarayonida tutgan o‘rnini xolis va tanqidiy baholar ekanmiz, biz erishgan yutuqlarimizga mahliyo bo‘lib qolmasligimiz, ortiqcha havolanish va xotirjamlik tuyg‘usiga berilmasligimiz zarur. Bugun biz yashayotgan globallashuv va tobora kuchayib borayotgan raqobat asrida faqat chuqur islohotlar va modernizatsiya yo‘lidan tinimsiz va qat’iyat bilan rivojlanib borish natijasida o‘z oldimizga qo‘ygan istiqbolli maqsadlarga – taraqqiy topgan, farovon yashayotgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun munosib hayot darajasini ta’minlashga erisha olamiz. Parlamentimiz palatalarining shu yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida bayon etilgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da aynan ana shu vazifalar o‘rtaga qo‘yilganini ta’kidlash joiz.
Quyidagi masalalar bizning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarimizga aylanishi darkor:
– davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ya’ni hokimiyatni tashkil qiladigan Prezident – davlat boshlig‘i, qonunchilik va ijro hokimiyati o‘rtasida muvozanat va barqarorlikni yanada mustahkamlash, sud tizimining mustaqilligi va liberallashuvini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarni davom ettirish;
– axborot sohasida fuqarolar va inson huquqlarining kafolatlarini, saylov erkinligini ta’minlash va saylov qonunchiligini takomillashtirish;
– demokratik qadriyatlar va insonlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning amalda muhim omiliga aylanishi zarur bo‘lgan fuqarolik institutlarini, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat tuzilmalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususan, mahallaning huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash;
– faqat keng miqyosli iqtisodiy islohot va o‘zgarishlarni biz tanlagan, o‘zini amalda to‘la oqlagan taraqqiyot modeliga hamohang ravishda davom ettirish iqtisodiyotimizning barqarorligi va zarur rivojlanish sur’atlarini, hayotimiz sifatini oshirish, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallash imkonini beradi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, biz oldimizga qo‘yayotgan bunday murakkab va ulkan vazifalarni amalga oshirish uchun ancha vaqt, balki yillar talab qilinadi va buni biz o‘zimizga yaxshi tasavvur etishimiz lozim. Men bugungi yig‘ilishda mazkur Konsepsiyada ko‘zda tutilgan aniq yo‘nalishlarga batafsil to‘xtalmoqchi emasman. Nega deganda, bu masalalarning barchasi hozirgi vaqtda ommaviy axborot vositalarida yetarlicha keng yoritilmoqda va nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida ham katta qiziqish va e’tibor bilan muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, alohida ta’kidlashni istardimki, eng murakkab va mas’uliyatli vazifa – bu Konsepsiyaning o‘zini ishlab chiqishdan iborat emas, albatta. Eng asosiy vazifamiz – mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratlashtirish bo‘yicha boshlangan islohotlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish, biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak taraqqiyot marralariga erishish bo‘yicha Konsepsiyada belgilab berilgan, aniq maqsadga qaratilgan yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalarni amalga oshirishning Kompleks dasturini, boshqacha aytganda, shu yo‘nalishdagi Strategiyani ishlab chiqish va bosqichma-bosqich joriy etishdan iboratdir.
Bu haqda gapirar ekanmiz, faoliyatimiz negiziga qo‘yiladigan ushbu asosiy prinsiplarga e’tibor qaratish zarur, deb hisoblayman.
Birinchi. Amalga oshirilayotgan islohotlarimizning mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish bo‘yicha biz tanlab olgan yo‘lning mantiqiy va qonuniy davomi bo‘lishini nazarda tutgan holda, ularning uzviyligi, bosqichma-bosqichligi va izchilligini, boshqacha aytganda, tadrijiyligini saqlash shart.
Ikkinchi. Konsepsiyada taklif etilayotgan islohot yo‘nalishlari o‘zaro uzviy bog‘liq ekani va bir-birini taqozo etishini o‘zimiz uchun aniq va ravshan anglab olishimiz darkor.
Shu ma’noda, lo‘nda qilib aytganda, davlat va jamiyat qurilishini izchil asosda demokratlashtirmasdan, mustaqil sud tizimini ta’minlamasdan turib, bozor islohotlarini amalga oshirish va iqtisodiyotni liberallashtirishga erishib bo‘lmaydi. Bunday talab so‘z va axborot erkinligi, saylov erkinligini ta’minlash va saylov tizimini rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish, eng muhimi, fuqarolarimizning siyosiy ongi, ijtimoiy-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirish masalalariga ham birdek daxldordir.
Uchinchi. Islohotlarimizning ma’no-mazmuni har bir ongli fikrlaydigan inson uchun ochiq va tushunarli bo‘lgan, ular shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir fuqaro, har bir insonning amaliy ishiga aylangan taqdirdagina mamlakatimizni yanada isloh etish va modernizatsiya qilishning muvaffaqiyatini ta’minlashimiz mumkin.
Shu borada bugun mana shu zalda o‘tirgan siz azizlarni, avvalambor yoshlarimizni, ularning timsolida unib-o‘sib, hal qiluvchi bunyodkor kuch sifatida maydonga chiqayotgan, ona yurtimiz kelajagining egasi bo‘lgan millionlab azmu shijoatli farzandlarimizni men o‘zimning eng katta umidim va ishonchim deb bilaman. Men qat’iy ishonaman – bizning bolalarimiz, mamlakatimizni isloh qilishning g‘oya va maqsadlari ongi va qalbiga yaqin bo‘lgan yoshlarimiz ana shunday orzu-umidlarimizga albatta munosib bo‘ladilar, shu maqsadlarni amalga oshirish uchun astoydil kurashadilar va albatta, bu marrani ham qo‘lga kiritadilar.
Qadrli do‘stlar!
Bundan bir yil muqaddam mana shu muhtasham zalda, Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan majlisda, sizlar bilan atroflicha fikr almashib, 2010 yilni mamlakatimizda «Barkamol avlod yili» deb e’lon qilgan edik. Davlatimiz va jamiyatimizning bugungi kuni, ayniqsa, kelajagi uchun g‘oyat muhim bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash vazifasini o‘z oldimizga qo‘yar ekanmiz, avvalambor, biz yashayotgan XXI asr – intellektual boylik, yuksak bilim va salohiyat talab etiladigan, aynan shu qadriyatlar ustuvor ahamiyat kasb etadigan asr, degan hayotiy haqiqatdan kelib chiqqan edik. Albatta, hozirgi kunda taraqqiyot yo‘lidan izchil rivojlanib borishimizda, ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan muhim bir mezon borki, u ham bo‘lsa, inson kapitali, ya’ni inson omili, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, hayotga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimizdir.
Biz qabul qilgan, o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash dasturida belgilangan ulkan va keng ko‘lamli vazifalarni qisqa vaqt mobaynida, ya’ni bir yil davomida amalga oshirib bo‘lmasligi barchamizga yaxshi ayon. Shu ma’noda, bu olijanob maqsad davlatimiz va butun jamiyatimizning doimiy va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor vazifasiga aylanishi va hamisha e’tiborimiz markazida turishi lozim.
Ko‘lami g‘oyat keng bo‘lgan ushbu dastur doirasida bajarilgan barcha ishlarni bitta ma’ruzada qamrab olish qiyin, albatta, uning ijrosi haqida yil yakuniga bag‘ishlab joylarda va markazda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishlarda atroflicha fikr yuritiladi. Men bu o‘rinda faqat 2010 yilda «Barkamol avlod yili» Davlat dasturining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan eng muhim ishlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Avvalambor, bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni barkamol rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor berildi.
Bu borada, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, 600 tadan ortiq normativ-huquqiy hujjat to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi, ularning yakuni bo‘yicha amaldagi qonunlar va normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga voyaga yetmagan bolalarning jinoiy muhitga tortilishining oldini olish maqsadida yoshlarga mo‘ljallangan turli xil hordiq chiqarish muassasalari rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslarning o‘rnatilgan normalarga rioya qilish bo‘yicha javobgarligini kuchaytirish va huquq-tartibotni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan aholi, birinchi navbatda, o‘quvchi va talabalarga zamonaviy axborot texnologiyalari asosida axborot-kutubxona, avvalambor internet xizmati ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi qonun birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shular qatorida «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi albatta katta ahamiyat kasb etadi. «Alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste’mol qilishni cheklash to‘g‘risida»gi qonunning yaqin kunlarda qabul qilinishi sog‘lom avlodni shakllantirishda, ularni bolalik davridan boshlab salomatlikka putur yetkazadigan zararli odatlardan himoya qilishda muhim omil bo‘lishini alohida ta’kidlash joiz. Aytish kerakki, dastur doirasida ishlab chiqilgan «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasi ushbu sohani yanada isloh qilish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Ma’lumki, sog‘lom avlod deganda, barchamiz birinchi navbatda sog‘lom naslni tushunamiz. Bu borada o‘tgan yillar davomida «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etildi.
Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, jumladan, poytaxtimiz va viloyatlarimizda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, skrining va perinatal markazlari, yangi tug‘ruq majmualari barpo etishga qancha kuch va mablag‘ sarflanganidan, o‘ylaymanki, hammangiz yaxshi xabardorsiz. Birgina «Ona va bola skriningi» Davlat dasturi doirasida boshqa viloyatlar markazlari qatorida Guliston va Jizzax shaharlarida yangi skrining markazlari tashkil etildi. Barcha mintaqaviy markazlar budjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari, zarur materiallar bilan ta’minlandi. Bu o‘z navbatida ko‘plab irsiy kasalliklarning oldini olish va davolashni yuqori darajaga ko‘tarish, bolalarning irsiy xastaliklar bilan va nuqsonli tug‘ilishining xavfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlaridagi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan qishloq vrachlik punktlari va ixtisoslashtirilgan markazlarda deyarli barcha aholi tibbiy ko‘rik va ultratovush tekshiruvidan o‘tkazildi. Bundan tashqari, har oyda muntazam ravishda «Tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smir qizlarni sog‘lomlashtirish haftaligi» o‘tkazilmoqda. Joriy yilning o‘zida tug‘ruq yoshidagi 7 million 800 ming ayol va 14 yoshgacha bo‘lgan 8 million 500 ming bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganini qayd etish lozim. Bu yil shu borada yana bir ibratli tajriba yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, 12 mingdan ortiq patronaj hamshiralari, 8 mingdan ziyod pediatr, neonatolog, akusher va tibbiyot hamshirasi xotin-qizlar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi texnologiyalar asosida ta’lim olib, o‘z malakasini oshirdi. Ma’lumki, keyingi yillarda homilador ayollarni tarkibida hayotiy zarur elementlar bo‘lgan maxsus polivitaminlar bilan ta’minlash va shu orqali aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida misli ko‘rilmagan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aytish kerakki, bunday chora-tadbirlar har yili 400 ming nafar homilador ayolni sog‘lomlashtirish, onalar salomatligini mustahkamlash, rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar tug‘ilishining oldini olish imkonini bermoqda.
Shuningdek, yurtimizda inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan bir qator kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida bolalarning 98 foizdan ortig‘i oldini olish mumkin bo‘lgan infeksiyalarga qarshi emlanmoqda. Buning natijasida diftereya, qizamiq kasalliklariga chalinish holatlari keskin kamayganini aytish darkor. 2010 yilda yuqumli kasalliklar bilan og‘rish holatlari, jumladan, meningokok infeksiyasi 28 foizga, epidemik parotit 27 foiz, virusli gepatit 13 foizga kamaygani ana shunday tadbirlar samarasidir. Mamlakatimizda o‘tkazilgan yana bir keng ko‘lamli tadbir – poliomiyelitga qarshi emlash milliy kunlari davomida 15 yoshgacha bo‘lgan 4 million bola emlandi. Bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda aynan shu masalada noxush vaziyatlar yuzaga kelgan bir sharoitda bunday tadbirlar poliomiyelit bilan kasallanishning oldini olish imkonini berganini, buning ahamiyatini albatta barchamiz yaxshi anglaymiz. Bir qator nufuzli xalqaro institutlarning baholashicha, O‘zbekiston dunyoning 125 davlati orasida xotin-qizlar uchun qulay sharoitlar yaratish va onalikni muhofaza qilish borasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Buni YUNISEFning Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bo‘yicha ofisi tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi dasturlarni joriy qilishda O‘zbekistonning mintaqadagi namunaviy model sifatida e’tirof etilgani ham isbotlaydi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, turli kasalliklarning oldini olish, umuman, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish maqsadida joriy yilda davlat budjetidan jami 1 trillion 700 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu 2009 yilga nisbatan 30 foiz va 2008 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p demakdir.
«Barkamol avlod yili» davlat dasturini amalga oshirishda ta’lim sohasini rivojlantirish, avvalambor, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi o‘quv muassasalari qurish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash masalasiga e’tibor yanada kuchaytirildi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturining amalga oshirilishi natijasida 1 ming 536 ta akademik litsey va kasb-hunar kolleji, umumta’lim maktablarining qariyb 9 mingtasi, ya’ni, deyarli hammasi, 1 ming 800 dan ortiq sport zali namunaviy loyihalar asosida barpo etildi yoki kapital rekonstruksiya qilindi. Ushbu o‘quv muassasalarining moddiy-texnik bazasini muntazam yangilab borish, tizimli asosda zamonaviy kompyuter texnikasi, o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va o‘quv anjomlari bilan qayta jihozlash, ularni talab darajasida saqlash hamda yaratilgan bu ulkan salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida mutlaqo yangi bir tuzilma – Moliya vazirligi huzurida maxsus jamg‘arma tashkil etildi. Bu jamg‘armaning hisob raqamiga 2010 yili 315 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2011 yilda 370 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda. Shuning o‘ziyoq bizning ushbu masalaga qanday katta e’tibor berayotganimizni yaqqol ko‘rsatib turibdi, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi.
Joriy yilda Toshkent shahrida Turin politexnika universitetining yangi, zamonaviy o‘quv kompleksining barpo etilgani biz uchun qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Ushbu oliy o‘quv yurti mamlakatimizda jadal rivojlanib borayotgan avtomobil sanoati va boshqa tarmoqlar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan maskan bo‘lib xizmat qiladi. Shu davr mobaynida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi, oliy ta’lim bakalavriat bosqichining 50 ta yo‘nalishi va magistratura bosqichining 74 ta mutaxassisligi unifikatsiya qilindi, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarining yangi klassifikatorlari joriy etildi. Dastur doirasida 2010 yilda 560 ta yetakchi klaster maktablari qiymati qariyb 6 million AQSH dollari bo‘lgan 13 ming 500 ta kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi, 750 dan ortiq qishloq maktabi zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari va multimedia vositalari bilan jihozlandi, 1,5 mingta qishloq maktabi o‘qituvchilari umumiy qiymati qariyb 13 million AQSH dollari bo‘lgan 3 ming 400 ta shaxsiy kompyuter bilan ta’minlandi.
Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha, ya’ni 12 mingdan ortiq ta’lim muassasalari, ilmiy va madaniy-ma’rifiy tashkilotlar 25 mingdan ziyod o‘quv materiallari va resurslarni o‘z ichiga olgan Ta’lim portaliga ulandi. Bu masofadan turib o‘qitish usullarini ta’lim tizimiga keng joriy etish, o‘quvchi va yoshlarga boshqa xil axborot-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish imkonini berishi bilan ayniqsa ahamiyatlidir. Shu bilan birga, zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiyalar, internetni nafaqat maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlariga, balki har bir oilaga joriy qilish harakatlari bugungi kunda tobora kuchayib bormoqda. Aynan zamonaviy aloqa va axborot texnologiyalari tizimini keng ko‘lamda rivojlantirish mamlakatimiz va jamiyatimizning taraqqiyot darajasini ko‘rsatadigan mezonlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Joriy yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunda yurtimizda 6 million kishi internetdan foydalanmoqda, ularning yarmini mobil aloqa orqali internetdan foydalanuvchilar tashkil etadi. 2010 yilda Toshkent va Samarqand shaharlarida ko‘p dasturli televizion kanallarni tarqatish xizmatlarining sifatini oshirish, xalqaro axborot resurslaridan foydalanish bo‘yicha mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratadigan zamonaviy raqamli televideniye ishga tushirilganini alohida ta’kidlash zarur.
Aziz yurtdoshlar!
Bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport sohasida, ayniqsa, bolalar sportini yanada rivojlantirish, har bir shahar va qishloqda zamonaviy talablarga javob beradigan, zarur anjomlar bilan jihozlangan sport maydonchalari, inshoot va majmualarni barpo etish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, istiqlol yillarida yurtimizda 1 ming 200 dan ziyod yangi sport inshooti barpo etilib, ularning mingdan ortig‘i qishloq joylarda qurildi. Bu esa 260 ming nafardan ziyod bolaning sportning ko‘plab turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratdi. Qiz bolalarni, eng avvalo, qishloq qizlarini sport bilan shug‘ullanishga jalb etishda joriy yilda sezilarli natijalarga erishildi. «Sport hayotidan hech kim chetda qolmasligi kerak» degan shiordan kelib chiqqan holda, kam ta’minlangan oilalarning 120 ming nafar qizlari uchun 3 milliard 500 million so‘mlik sport kiyimi va jihozlari xarid qilindi. Yana bir muhim holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Mamlakatimizda badiiy gimnastikani rivojlantirish dasturi qabul qilingach, sportning ushbu nafis turi bilan shug‘ullanadigan qizlar soni shu yilning o‘zida 6-7 barobar, ayrim viloyatlarda esa 10-12 barobar ortdi. Bu borada yorqin bir misolni keltirishni o‘rinli deb bilaman. Kuni kecha Xitoyda yakuniga yetgan o‘n oltinchi yozgi Osiyo o‘yinlarida badiiy gimnastika bo‘yicha qizlarimiz o‘z iste’dod va mahoratini namoyon etib, Osiyo qit’asi vakillari orasida sharafli ikkinchi o‘rinni egallashgani mamlakatimizning sport hayotida misli ko‘rilmagan quvonchli voqea bo‘ldi.
Shu ma’noda, bu yil o‘tkazilgan 42 ta xalqaro musobaqada yurtimizdan ishtirok etgan 500 nafardan ziyod yosh sportchining uchdan bir qismini qizlar tashkil etgani ayniqsa e’tiborlidir. Ma’lumki, shu yil yozda Singapurda bo‘lib o‘tgan birinchi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida sportchi yoshlarimiz munosib qatnashib, 9 ta medalni qo‘lga kiritdi. Yuqorida zikr etilgan Osiyo o‘yinlarida esa O‘zbekiston sportchilari nafaqat qit’amiz, balki dunyo miqyosida ham tan olingan qudratli davlatlarning vakillari bilan keskin bellashuvlarda 11 ta oltin, 22 ta kumush, 23 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi, umumjamoa hisobida sakkizinchi o‘rinni egallab, kuchli o‘nlikdan joy olishga erishdi. Bugungi fursatdan foydalanib, xalqaro maydonlarda Vatanimiz shon-shuhratini butun dunyoga tarannum etayotgan iste’dodli yosh sportchilarimizdan ayrimlarining nomlarini hurmat bilan tilga olishdan mamnunman.
Ko‘zga ko‘ringan sportchilarimizdan Rishod Sobirov, Rustam Qosimjonov, Vladimir To‘ychiyev, Vadim Menkov, Dilshod Mansurov, Yuliya Tarasova, Artur Taymazov, Elshod Rasulov, Svetlana Radzivil, Serik Mirbekov, Gerasim Kochnev, Sergey Borzov, Aleksey Bobojonov, Vyacheslav Gorn, Aleksey Mochalov kabi yoshlarimiz Osiyo o‘yinlarida oltin medal sohibi bo‘ldilar. Ayniqsa, Toshkent davlat jismoniy tarbiya institutining talabasi, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Vadim Menkov xalqimizning haqiqiy iftixoriga aylandi. Bu iste’dodli sportchimiz 2010 yilda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi sportchisi deb tan olindi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, O‘zbekiston terma jamoasining 2012 yili Londonda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishiga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi. Futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida ajoyib o‘yin namoyish etgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi kelgusi yili Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham o‘z mahoratini ko‘rsatishiga ishonamiz. Argentinada bo‘lib o‘tgan amputant-nogironlar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionatida ikkinchi marotaba chempion unvoniga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari haqiqiy jasorat va fidoiylik ko‘rsatib, o‘zlarining metin irodasini namoyish etdi.
Shular haqida gapirar ekanman, o‘z hayotini sportga bag‘ishlab, jahon va qit’a musobaqalarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan barcha mard va jasur sportchilarimizga chuqur minnatdorchilik bildirib, katta g‘urur va iftixor bilan ularga yangi-yangi zafarlar tilashga ruxsat bergaysiz. «Barkamol avlod yili» Davlat dasturining yana bir ustuvor yo‘nalishiga batafsil to‘xtalib o‘tishni zarur, deb hisoblayman. Bu o‘rinda gap yoshlarimiz o‘zlari egallayotgan eng zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni amalda joriy etishi uchun kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalariga keng jalb qilish haqida bormoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida«gi farmoni muhim qadam bo‘ldi. Shular qatorida bitiruvchilarga o‘z biznesini tashkil etishi uchun imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha banklarimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar ham e’tiborga sazovordir.
Yana bir muhim masalani qayd etib o‘tmoqchiman. Hozirgi keskin raqobat sharoitida innovatsion texnologiyalar va ilm-fanni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun ularga zarur shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega. Bu masalaga ustuvor ahamiyat bermasdan turib, taraqqiyot haqida so‘z yuritib bo‘lmasligini barchamiz yaxshi tushunamiz, albatta. Bugun zamonning o‘zi ushbu masalani siyosatimizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilashni taqozo etmoqda. Yaqinda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatning mohiyati shundan iboratki, ilmiy kadrlar tayyorlashning aspirantura va doktorantura kabi eskirgan shakllari o‘rniga mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida stajor-tadqiqotchi-izlanuvchilar va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti joriy etildi.
Eng muhimi, ularni rag‘batlantirish, ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida stajor-tadqiqotchi-izlanuvchilarning lavozim maoshi stajor-tadqiqotchilar lavozim maoshining bazaviy miqdoriga, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar lavozim maoshining hajmi esa fan nomzodi unvoniga ega bo‘lgan katta ilmiy xodimlarning maoshiga tenglashtirildi. Bu amalda ushbu tadqiqotchilar ish haqining 1,6 barobar ko‘payishini anglatadi.
Dasturning prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir yo‘nalishi xususida, ya’ni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oilani mustahkamlash, yosh oilalar haqida g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, sog‘lom va mustahkam oila barpo etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasidagi keng qamrovli ishlarni davom ettirish haqida qisqacha to‘xtalmoqchiman. Aynan oila bag‘rida, ota-onaning o‘zaro mehr-muhabbati, g‘amxo‘rligi muhitida farzandning dunyoga kelishi, uning shaxs va fuqaro sifatida kamol topishi haqida uzoq gapirib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Halollik, ezgulik va mehribonlik haqidagi tushunchalar, kattalarga hurmat tuyg‘usi avvalo oilada paydo bo‘ladi, insonning dunyoqarashi milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida aynan shu muhitda shakllanadi. Shu sababli joriy yilda oila institutini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha avvalgi yillarda boshlagan ishlarimiz davom ettirilib, 2,5 ming yosh oilaga uy-joy qurish va uni jihozlash kabi masalalarni hal etish uchun tijorat banklari tomonidan 107 milliard 600 million so‘mlik ipoteka va iste’mol kreditlari berildi. Bundan tashqari, viloyat, shahar va tuman hokimliklari tomonidan noturar-joy binolarini rekonstruksiya qilish va uy-joy xarid qilish uchun homiylarning 5 milliard 800 million so‘mlik mablag‘lari jalb etildi. Shuningdek, 7 ming 200 dan ziyod yosh oilaga bepul qoramol berilib, shu maqsadlar uchun 5 milliard 300 million so‘m mablag‘ ajratildi. Dastur doirasida yoshlarda «ommaviy madaniyat» niqobi ostidagi xurujlar, diniy ekstremizm, xalqaro terrorizm, xalqimizga yot bo‘lgan g‘oya va qadriyatlarning chetdan «eksport» qilinishiga qarshi qat’iy pozitsiyani shakllantirish bo‘yicha axborot va pedagogik texnologiyalarning zamonaviy, yangi shakllari joriy qilindi.
Tabiiyki, bu borada «ommaviy madaniyat«ning saviyasi past, yengil-yelpi namunalariga qarshi haqiqiy san’at asarlarining yuksak durdonalarini keng targ‘ib va tashviq qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hurmatli do‘stlar!
«Barkamol avlod yili» Davlat dasturida belgilangan ko‘plab tadbirlarning tashabbuskori nohukumat tashkilotlar bo‘lgani ayniqsa e’tiborga sazovordir. Bunday ijobiy holat yurtimizda fuqarolik jamiyatini bunyod etish borasida erishayotgan yutuqlarimizning amaliy namoyoni bo‘lib, bu haqiqatni hech kim inkor etolmaydi. Bu davlatimiz va jamiyatimizning barkamol avlodni tarbiyalash va mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining mustahkam zaminini yaratish borasidagi manfaatlari mushtarak ekanini yaqqol ko‘rsatadi. «Barkamol avlod yili» dasturini bajarish uchun barcha manbalar hisobidan joriy yilda qariyb 8 trillion so‘m mablag‘ sarflanganining o‘zi bu borada amalga oshirgan ishlarimizning ko‘lami va miqyosi nechog‘lik ulkan ekanidan dalolat beradi.
Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishga munosib hissa qo‘shgan mamlakatimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlarga, ishlab chiqarish korxonalari, fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik tuzilmalariga, xorijiy jamg‘armalar va xalqaro tashkilotlarga, shu zalda o‘tirgan chet el mamlakatlarining elchi va vakillariga, shu ulug‘ maqsad yo‘lida o‘zini ayamasdan xizmat qilgan barcha-barcha insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Aziz vatandoshlar!
Endi sizlar bilan kirib kelayotgan yangi – 2011 yilga qanday nom berish haqida fikrlashib olishimiz kerak. Bu masalada amaliy bir qarorga kelish, ya’ni yangi yilga o‘z oldimizga qo‘ygan yagona maqsad yo‘lida barchamizni birlashtiradigan aniq nom berishning ahamiyati va mohiyati haqida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Muxtasar aytganda, davlatimiz va jamiyatimizning, mulk shaklidan qat’i nazar, yurtimizdagi ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot yoki muassasalar bo‘ladimi, yuridik yoki jismoniy shaxslar, homiylar va xayriya jamg‘armalari bo‘ladimi – bularni barchasining kuch-imkoniyat va mablag‘larini aniq bir maqsad va ezgu niyatlarni amalga oshirish uchun safarbar etish, bir yoqadan bosh chiqarib mavjud muammolarni yechish, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bartaraf qilishda ushbu masala qanday katta ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Buning tasdig‘ini biz o‘z hayotiy tajribamizda, ya’ni 1997 yildan boshlab kirib kelayotgan har qaysi yangi yilga jamiyatimiz, butun el-yurtimizning fikru zikri va intilishlarini birlashtiradigan, yangi kuch-quvvat bag‘ishlaydigan nom berib, shu asosda qo‘lga kiritgan yutuq va marralarimiz misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Yuqorida bildirilgan fikr va xulosalarni inobatga olgan holda, mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida men kirib kelayotgan 2011 yilni mamlakatimizda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb e’lon qilishni taklif etaman. Tadbirkorlik haqida gapirganda, biz avvalambor xususiy tadbirkorlikni o‘zimizga tasavvur qilamiz. Aytish kerakki, yurtimiz tarixida tadbirkorlik qadim zamonlardan buyon alohida o‘rin tutib keladi. Ota-bobolarimizning o‘z yeri, o‘z mulki, o‘z kasbu hunariga ega bo‘lish, omilkorlik bilan ish yuritish, tadbirkor va ishbilarmon insonlarni qadrlash borasidagi an’analari haqida ko‘p gapirish mumkin. Men bu o‘rinda Sohibqiron Amir Temur bobomizning barchamizga yaxshi ma’lum bo‘lgan «Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir», deb aytgan chuqur ma’noli so‘zlarini yana bir bor eslatmoqchiman.
Albatta, ilgarigi zamonlarda tadbirkorlik balki boshqacha nomlar bilan atalgan bo‘lishi mumkin. Ammo, qanday nom bilan atalmasin – uning otini savdogar yoki do‘kondor deydimi, hunarmand usta yoki kasanachi deydimi, katta-kichik korxona egasi deydimi, bundan qat’i nazar, ajdodlarimiz aynan shu soha hisobidan ro‘zg‘or tebratib, o‘z oilasini, el-yurt manfaatini ta’minlab kelgan.
Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlik, ishbilarmonlik xalqimizning, millatimizning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgan noyob va ezgu fazilat, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab mamlakatimizning kelajagini, davlatimiz va jamiyatimizning siyosiy-ijtimoiy qurilishini belgilashda, birinchi navbatda Konstitutsiyamizni ishlab chiqish va tasdiqlashda mulk va mulkiy munosabatlar haqidagi prinsipial masala doimo e’tiborimiz markazida bo‘lganini ta’kidlash lozim. Aynan shuning uchun ham mamlakatimizning ko‘pukladli iqtisodiyoti tarkibida davlat mulki, korporativ va xususiy mulkning tengligini e’tirof etgan holda, Konstitutsiyamiz va qonunchiligimizda xususiy mulk ustuvorligi mustahkamlab qo‘yildi va uning ishonchli konstitutsiyaviy kafolatlari ta’minlandi. Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi, roli va ta’siri, sodda qilib aytganda, boshqa hech bir soha va yo‘nalish o‘rnini bosolmaydigan katta ahamiyati bilan davlat va jamiyatimiz rivojida alohida o‘rin egallaydi.
Mustaqillik yillaridagi taraqqiyotimiz misolida shuni hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, bu sohani rivojlantirmasdan, unga tegishli ko‘mak va rag‘bat bermasdan, zarur imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar yaratmasdan turib, biz iqtisodiyotimizning kelajagini ta’minlay olmaymiz. Ichki bozorimizni raqobatdosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda, bugungi kunda biz uchun eng dolzarb masalalardan biri bo‘lmish aholimizni, avvalambor, yoshlarimizni ish bilan ta’minlash va shu asnoda ularning munosib daromad topishi, farovonligining oshib borishiga erishishda ayni shu sohani tez va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish eng asosiy omillardan biri ekanini hech unutmasligimiz darkor. Shu borada yana bir muhim masalaga e’tiboringizni jalb etishni zarur deb bilaman. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning izchil rivojlanib borishini ta’minlash orqali biz mamlakatimizda jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy tayanchi va poydevori bo‘lgan o‘rta sinfning shakllanishiga va uning tobora mustahkam bo‘lib borishiga erishmoqdamiz.
Barchamizga ayonki, aynan ana shu ijtimoiy qatlam – ya’ni o‘rta sinf yurtimizda amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirishdan, mamlakatimizning izchil va barqaror rivojlanishidan eng ko‘p manfaatdordir. Shu bois kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bugungi kunda jamiyatimizdagi ijtimoiy va siyosiy barqarorlikning kafolati va tayanchiga, yurtimizni taraqqiyot yo‘lidan faol harakatlantiradigan kuchga aylanib bormoqda. Sizlarga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda yurtimizda ushbu soha rivoji uchun qulay tadbirkorlik muhiti yaratish va uni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Bu haqda ko‘p gapirmasdan, birgina misol keltirish kifoya, deb o‘ylayman. Agar 2000 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 30 foizi kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lsa, qisqa bir davrda, ya’ni 2010 yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich qariyb 53 foizga yetishi kutilayotgani, hech shubhasiz, ana shunday ishlarimizning mantiqiy samarasidir. Bu haqda so‘z yuritganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik odamlarimiz uchun yangi ish o‘rinlari ochish, barqaror daromad manbalarini yaratishning eng muhim omiliga aylanayotganiga alohida e’tibor qaratmoqchiman. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi ish bilan band aholining 74 foizdan ortig‘i aynan shu sohada mehnat qilayotgani ham shundan dalolat beradi.
O‘zingiz o‘ylang, aziz do‘stlar, agarki yurtimizda shu sohaga o‘z vaqtida katta e’tibor qaratib, uning rivoji uchun har tomonlama yo‘l ochib bermaganimizda bugun bizning kuch-quvvatga to‘lgan yoshlarimiz boshqalarga o‘xshab qayoqqa ish izlab borardi, kimlarga muhtoj va qaram bo‘lib kun ko‘rar edi? Shu haqida o‘ylash, buning oldini olish davlat hokimiyati idoralarining asosiy burchidir. Joriy 2010 yilning o‘zida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 480 mingta yangi ish o‘rni ochilgani ham yuqorida zikr etilgan fikrning yaqqol tasdig‘i, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Eng muhimi, bu ish o‘rinlarining 60 foizdan ortig‘i qishloqlarimizda tashkil etilmoqda. Mamlakatimiz aholisining 50 foizga yaqini qishloq joylarda yashashini hisobga oladigan bo‘lsak, bu raqamlarning ijtimoiy ahamiyatini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas. Albatta, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ko‘zga yaqqol tashlanib turgan afzalliklari va katta imkoniyatlari haqida yana ko‘p gapirish mumkin. Lekin bugungi kunda O‘zbekistonda bu sohada hali ishga solinmagan juda katta salohiyat va imkoniyatlar mavjud ekanini, dunyodagi taraqqiy topgan davlatlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yalpi ichki mahsulot hajmida yetakchi va hal qiluvchi o‘rinni egallayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishda qiladigan ishlarimiz naqadar ko‘pligi ayon bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» bo‘yicha qabul qilinadigan davlat dasturida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish zarur. Birinchi navbatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ushbu soha rivoji uchun yanada keng yo‘l ochib berish maqsadida mavjud normativ-huquqiy bazani tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish, yangi qonun hujjatlarini qabul qilish masalasi diqqat markazida bo‘lishi darkor. Bu haqda gapirganda, shuni aytish kerakki, joylarda kichik bo‘lsa ham o‘z ishini, o‘z biznesini ochishga intilayotgan xususiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, mahalliy amaldorlar tomonidan ularni ko‘rolmaslik, qo‘lidan ish keladigan odamlarning yo‘liga turli-tuman g‘ov-to‘siqlar qo‘yilayotganiga aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Albatta, keyingi yillarda bunday salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida tegishli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatiga davlat va nazorat tuzilmalarining aralashuvini keskin kamaytirish, shuningdek, xo‘jalik va tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy huquq va erkinliklarini sezilarli darajada kengaytirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Lekin nazorat organlariga mansub ayrim mansabdorlar malakasining pastligi hanuz o‘tkir muammo bo‘lib qolmoqda va ishimizga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Shular qatorida ko‘pgina viloyat va tumanlarda korrupsiya degan balo, ya’ni poraxo‘rlik, ta’magirlik, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish kabi illatlar uchrab turayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Qonunga zid bo‘lgan bunday xunuk holatlar bilan murosa qilishga chek qo‘yishning vaqti keldi.
Navbatdagi ustuvor yo‘nalish – kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay muhit yaratishdan iborat. Hammamizga ma’lumki, oxirgi yillarda tadbirkorlik sohasida o‘z ishini ochish uchun ruxsat olish, soliq, moliya va statistika organlariga hisobot topshirish masalalarini tartibga solish bo‘yicha ancha ishlar qilindi va qilinyapti. Buni rad etib bo‘lmaydi, lekin bu sohada bajaradigan ishlarimiz hali kam emas. Ayni paytda kichik biznes subyektlarining energiya, gaz, suv va kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va boshqa shu kabi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi yoki ularni qurishda ishtirok etishi uchun ruxsat olish tartib-qoidalarini soddalashtirish masalasi bo‘yicha ham dasturda aniq chora-tadbirlar belgilanishi va ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish darkor.
Yana bir muhim masala kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi uchun soliq va boshqa to‘lovlar borasida qulaylik va yengilliklar yaratish bilan bog‘liqdir. Albatta, so‘nggi yillarda xo‘jalik subyektlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 2005 yildagi 13 foizdan 7 foizga tushirish yoki qariyb 2 barobar kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun katta imkoniyatlar tug‘dirmoqda. Shu borada kirib kelayotgan 2011 yildan boshlab bu ko‘rsatkichning 7 foizdan 6 foizga tushirilishi, hech shubhasiz, davlatimiz tomonidan ishbilarmon va tadbirkorlarga ko‘rsatilgan yangi bir imtiyoz bo‘lib qolajak, deb o‘ylayman.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarimiz bilan cheklanmasdan, kichik biznes subyektlariga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash uchun o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan kreditlar berish tizimini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarning yechimi bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishimiz zarur. Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida ishtirok etishi, ularning mintaqa va jahon bozorlariga chiqishini kengaytirish muammosini hal etishga jiddiy ahamiyat qaratishimiz lozim. Alohida katta e’tiborni talab etadigan yana bir masala shuki, hozirgi vaqtda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik asosan savdo-sotiq, xizmat va aloqa sohasida, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ko‘proq rivoj topmoqda. Lekin, shu bilan birga, sanoat sohasida, yuqori texnologiyalarni talab etadigan zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etishda, innovatsion va nanotexnologiyalar, farmakologiya va farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya tizimi, biotexnologiya, muqobil energetika turlaridan foydalanish sohasida, muxtasar aytganda, ilg‘or ilm-fan yutuqlariga asoslangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga keng yo‘l ochib berishimiz zarur. Aytish joizki, men dasturdan o‘rin olishi kerak bo‘lgan eng muhim yo‘nalishlarning faqat ayrim jihatlari haqida qisqacha fikr bildirdim, xolos.
O‘z-o‘zidan ayonki, dasturni konkret mazmun bilan to‘ldirish, yechimini kutib turgan dolzarb muammolarni hal qilish uchun hukumat qarori bilan bu masala bo‘yicha maxsus ishchi komissiyasi tuzish hamda yetakchi mutaxassislarimiz, avvalambor tadbirkorlarning o‘zini bu ishga jalb qilib, har bir yo‘nalishni atroflicha, chuqur va puxta ishlab chiqishimiz darkor.
Bu borada mamlakatimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlar, kichik biznes egalari, fermer va tadbirkorlar, homiylar, bir so‘z bilan aytganda, keng jamoatchiligimiz o‘z fikrlari va amaliy takliflari bilan faol ishtirok etadi, deb o‘ylayman.
Shu fursatdan foydalanib, takror va takror aytishni istardim: kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – jamiyatimizning, bugungi va kelajak taraqqiyotimiz, farovon hayotimizning mustahkam tayanchi bo‘lishi shart. Aynan ana shunday qarash, ana shunday yondashuv bizning ish faoliyatimizda, avvalambor, oldimizda turgan o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirishda asosiy mezon va yo‘llanma bo‘lishiga ishonaman va barchangizga ayni shu maqsad yo‘lida kuch-g‘ayrat va yangi-yangi omadlar tilayman.
Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!
Sizlarni Konstitutsiyamiz bayrami bilan yana bir bor tabriklab, hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
http://economical.uz/

About Jahongir

Boshqalar

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni Mustaqil O’zbekistonda ushbu bayram o’z qurolli kuchlarini tashkil etishga ...

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.