Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon
(?-1130)
(1102-1130)
Qoraxoniylardan bo‘lgan Movarounnahr hukmdori. To‘liq ismi Muhammad ibn Sulaymon Dovud Kuchtegin ibn Tamg‘achxon Ibrohim. Barqiyoruq vassali Sulaymonteginning o‘g‘li. 1102 yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o‘tqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qo‘shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolgani tufayli taxtni o‘g‘illari – dastlab Nasr, so‘ng Ahmad bilan boshqargan.
Samarqand saljuqiylar tomonidan egallangach (1130 yil 13-mart), Arslonxon Balxga jo‘natilgan va o‘sha yerda ko‘p o‘tmay vafot etgan. U Marvdagi o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan. Arslonxon davrida madaniy hayot birmuncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko‘plab binolar qurilgan. Masalan, Jarqo‘rg‘on minorasi va Masjidi kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan.