O'ZBEK ZIYOLILARI

Azizxon Qayumov (1926-2018)

Azizxon Qayumov (1926-2018)

Azizxon Qayumov (1926.19.01, Qo‘qon — 2018.16.02, Toshkent) — adabiyotshunos, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1983), filologiya fanlari doktori (1961). Po‘lat Qayyumovning o‘g‘li.

O‘rta Osiyo davlat universitetining sharq fakultetini tugatgan (1949). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim (1949—57), O‘zSSR Ministrlar Sovetida fan va oliy o‘quv yurtlari bo‘yicha katta referent (1957— 58), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori (1958—61), O‘zbekiston KP MK fan, oliy o‘quv yurtlari va maktablar bo‘limi, so‘ng fan va madaniyat bo‘limi mudiri (1961—63), O‘zbekiston Madaniyat vaziri, vazirning birinchi o‘rinbosari (1963—64), O‘zSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Kinematografiya davlat komiteti raisi (1964—74), Toshkent madaniyat instituti rektori (1974—79), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar instituti direktori (1979— 98), Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim (1998 yildan) bo‘lib ishlagan.

Asosiy ilmiy ishlari Qo‘qon adabiy muhiti mavzuida. «Maxmur» (1956), «Hoziq» (1957), «G‘oziy» (1959), «Saddi Iskandariy» (1975), «Alisher Navoiy» (1976, 1991), «Hayrat ul-abror» (1977), «Farhod va Shirin» sirlari» (1979), «Nodir sahifalar» (1991), «Bu ohang ila bo‘lg‘aysen Naqshband» (1993) kabi asarlari Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini o‘rganishda muhim hissa bo‘lgan.

Azizxon Qayumov mashnshunoslik sohasida ham samarali ish olib borib, bir qancha o‘zbek mumtoz shoirlarining asarlarini nashrga tayyorlagan. Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1980). «Shuhrat» medali (1996), «El-yurt hurmati» ordeni (2003) bilan taqdirlangan.