O'ZBEK ZIYOLILARI

Bekjon Toshmuhamedov (1935-2020)

Bekjon Toshmuhamedov (1935-2020)

Biofizika fanining O‘zbekistondagi asoschilaridan biri, biolog-biofizik olim, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1987), biologiya fanlari doktori (1971), professor (1973) Bekjon Oybekovich Toshmuhamedov 1935 yil 27 yanvarda Toshkentda tug‘ilgan. U atoqli yozuvchi Oybekning o‘g‘li.

Bekjon Toshmuhamedov Moskva universitetining biologiya-tuproqshunoslik fakultetini tugatgan (1958), shu universitetda aspirant (1958—61), Toshkent davlat universitetining biologiya-tuproqshunoslik fakultetida kichik ilmiy xodim (1962), biokimyo va biofizika kafedrasi dotsenti (1963—65), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi (1965—67) va Biokimyo instituti (1967—85) biofizika laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishlagan. 1979—86 yillarda Toshkent davlat universiteti biofizika va atrof muhit muhofazasi kafedrasi mudiri. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Fiziologiya institutida direktor (1985— 92), bo‘lim boshlig‘i (1998 yildan) bo‘lib mehnat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi (1992—95), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1995-97) bo‘lgan.

Olim hujayra membranasiga ta’sir qiluvchi faol moddalarning tadqiqoti bo‘yicha O‘zbekistonda ilmiy markaz yaratdi. Xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan ushbu markazning biofizika laboratoriyalarida Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Arab mamlakatlari, Polsha va boshqa davlatlardan izlanuvchilar kelib tadqiqot ishlarini amalga oshirdilar.

B.Toshmuhamedov AQSh, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy a’zosi edi.

Asosiy ilmiy ishlari biologik membranalarning hosil bo‘lishi va ularning boshqaruvchanlik roli, toksinlar, gormonlar, pestitsidlar, feromonlar, defoliantlar va boshqa biologik faol moddalarning membranaga ta’sir qilish mexanizmini o‘rganishga oid.

Bekjon Toshmuhamedov YuNESKO qoshidagi «Inson va biosfera» milliy komiteti raisi (1998), «O‘zbekiston biologiya jurnali» bosh muharriri (1996 yildan) bo‘lgan.

U Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoniga sazovor bo‘lgan.

Bekjon Toshmuhamedov 2020 yil 25 iyunda 85 yoshida vafot etdi.