Home / BUYUK SHAXSLAR / O‘ZBEK ZIYOLILARI / Abduvali Qutbiddin

Abduvali Qutbiddin

Abduvali Qutbiddin Shoir Abduvali Qutbiddin iqtidorli, nozik ta’b va yuksak didli qalamkash. U 1950 yilning 20 iyunida Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tavallud topgan. Aslida uning ota-onasi Shayxovandtohur mahallasidan Xo‘ja Ahror Valiy avlodiga mansub kishilar edi. Oktyabr to‘ntarishi va qatag‘onlik davrining ur-yiqit shamoli bu oilaga ham soya solmay qolmagan. Yillar davomida Samarqand, Qashqadaryo vohalarida ko‘chirib yuborilganlar qatorida istiqomat qilishgan.

Shu tufayli Abduvali Qarshida tugilib, Samarqandda tahsil olgan. 1978 yilda Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1983 yilda muvaffaqiyatli tamomlagan. Samarqand viloyat ro‘znomasi «Lenin yo‘li» hozirgi «Zarafshon»da faoliyat ko‘rsatadi. 1985 yildan esa ona shahri Toshkentga kelib, G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir bo‘lib ishlaydi. 1990 yilda «Yozuvchi» nashriyoti tashkil bo‘lgach, avval yetakchi muharrir va hozirda bosh muharrir bo‘lib ishlab kelmoqda.

U oilali, ikki o‘g’il, ikki qizi bor.

Hozirda uchta she’riy to‘plami nashr etilgan. Shoirning «Nayson» (1988), «Humo» (1989) va «Baxtli yil» (1991) to‘plamiga kirgan she’rlari oddiy, sodda, ravon ifodalar asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi. Qarang:

Uyalib — tug’ildim,
Uyalib — yashadim,
Uyalib o‘larmen.

Axir bu butun o‘z xalqi axloqi, odobi,ma’naviyatiga dahldor she’riy marjonlar emasmi?! Yoki «Baxtli yo‘l» to‘plamiga kirgan «Yer qa’riga», «Ikki amakimga xat» she’ridagi falsafaga diqqat qiling. Unda dunyo o‘tkinchi, hamma vaqt hamma narsa o‘tadi, ketadi, poklik, muhabbat, yaxshilik, mehr kabi buyuk tuyg’ular qoladi degan xulosaga keladi. Va deydiki, bu omonat dunyoda, omonat ko‘prikda ana shu adabiyot tinch, pok bo‘lsin:

Omonat ko‘prikning ustida mahkam,
Tinch-u, pok bo‘lsin tirik abadiyat.

Shoir biz bilan bir suhbatda mening tarjimai holim aytarli kitobxonga namuna bo‘lolmas, degan andishaga ham bordi. Hurmatli kitobxon, shoir Abduvali Qutbiddin kelajak shoiri, shu kunning shoiri. Hali u o‘nlab to‘plamlar, asarlar yaratib beradi, sizni xushnud etadi, deb ishontirsa bo‘ladi.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.