Botu

Botu

Botu iste’dodli shoir va jamoat arbobi edi. U o‘zining tarjimai holida: «Men Botu— Mahmud Maqsudovich Hodiev 1904 yil 14 mayda Toshkentning Qaldirg‘och mahallasida mahsido‘z — kambag‘al oilasida tug‘ilganman…» deb yozadi. Boshlang‘ich ta’limni eski usuldagi maktabda olgan Botu dastlab Moskvadagi Pokrovskiy nomli institut qoshidagi ishchilar fakultetida (1921), so‘ngra Moskva Davlat dorilfununining iqtisod fakultetida o‘qib (1921 —1927), oliy ma’lumotli bo‘lib yetishadi. Shundan keyin u o‘sha yillarda Respublika poytaxti Samarqandga qaytib, adabiy va ijtimoiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi: partiya va davlat muassasalarida faollik ko‘rsatib, yoshlarning «Alanga» jurnaliga muharrirlik qiladi.

Shu davrdan boshlab uning she’r va hikoyalari, publitsistik maqola va ocherklari «Bilim o‘chog‘i», «Inqilob», «Alanga», «Maorif va o‘qituvchi» singari jurnallarda chop etiladi. Uning «Hayit harom bo‘ldi» (1929), «Tursun» (1930) kabi hikoyalarida eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi kurash, ziddiyat o‘z ifodasini topgan.

Uning «Umid uchqunlari» (1925), «To‘lqinlarim» (1929) kabi to‘plamlaridagi she’rlarida yosh shoirning samimiy va hayajonli tuyg‘ulari ifoda etilgan. Eng muhimi, uning she’rlarida porloq, ozod kelajak uchun kurash bosh motiv darajasiga ko‘tarilgan. Shu jihatdan uning «Qo‘zg‘olish», «Isyon», «Bizning tovush», «U kun», «Yosh yurak to‘lqinlari» kabi o‘nlab she’rlari e’tiborga sazovor.

Botu jamoat arbobi sifatida respublikamizda maktab-maorif, fan va madaniyatni rivojlantirishda jonbozlik ko‘rsatgan. Biroq, Botu ayni paytda mustabid tuzumga sadoqat bilan xizmat qilib, Fitrat va Cho‘lpon singari ustozlariga qarshi mafkuraviy kurashlarda ishtirok etgan. Ammo shunga qaramay, u 1929 yili qamoqqa olinib, Soloveik orollariga surgun qilingan. 1938 yil 8 mayda Moskvada xalq dushmani sifatida otib tashlangan.

Botudan ikki farzand qolgan bo‘lib, ularning har ikkisi — o‘g‘li Erkli Xodiev ham, qizi Naima Mahmudova ham tibbiyot fanlari doktori, professordir.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.