Elbek

Elbek

Qatag‘onlik davri o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Elbek (Mashriq Yusupov)dir. U 1898 yilda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanining Xumson qishlog‘ida tavallud topgan. «Men,— deydi shoir o‘z tarjimai holida,— 1905 yilda eski qishloq maktabiga kirib o‘qidim. Bu maktabda to‘rt yil o‘qib, o‘quv, yozuvni o‘rgandim… 1910—1911 yillarda juda qiynaldik va shuning natijasida boshqa aka-ukalarim qatori men ham uyni tashlab ketishga majbur bo‘ldim».

Nihoyat, o‘sha 1911 yili u Toshkentga kelib, bir boyga qarol bo‘lib yollanadi. Ayni paytda Toshkentning Eski shahar mavzesidagi Devonbegi mahallasida joylashgan «Xoniy» maktabida, keyinroq 1914 yili esa Shayxontohur mahallasidagi «Namuna» nomli maktabda o‘qishni davom ettiradi. Shu bilan birga bosmaxonada ishlab, gazetalar sotish bilan kun ko‘radi.

Elbek 1919 yili sakkiz oylik muallimlar kursini bitirib, o‘qituvchilik qiladi. 1921 yildan boshlab Turkiston Xalq maorifi komissarligi qoshidagi ilmiy muassasalarda faoliyat ko‘rsatadi. O‘sha davrda nashr etilgan «Maorif va o‘qituvchi», «Inqilob», «Bilim o‘chog‘i» kabi jurnallar bilan hamkorlik qiladi.

Elbekning dastlabki she’rlari «El bayrog‘i», «Turon», «Turk so‘zi», «Ulug‘ Turkiston» kabi gazetalarda bosilib chiqqan. 1922 yilga kelib, uning «Bir so‘roq», «O‘ksizning o‘limi», «Qarg‘a», «Bibixonim madrasasi», «Turkiston» kabi she’rlari «O‘zbek yosh shoirlari» to‘plamida Fitrat va Cho‘lpon she’rlari bilan birga e’lon qilingan.

Shoirning ilk to‘plami «Armug‘on» 1921 yili nashr etilgan bo‘lib, u asosan masallardan iborat edi. Uning dastlabki she’rlarida ko‘zga tashlangan mavhumlik bu to‘plamdagi «Qaysi biri bo‘ri» masalida ham sezilib turadi. Ammo «Kuchsizlar dunyosi» masalida shoirning niyat va maqsadi xiyla yorqinlik kasb etganki, bu hol muallif ijodi shakllanib borayotganidan darak beradi. Mazkur masalda tasvirlanishicha, endi azob chekkan el qonxo‘rlikdan o‘ch olish uchun kurashga kirishadi. Shunday qilib, shoir bosqichma-bosqich mahorat sari ko‘tarila bordi.

O‘z ijodining tetapoya holatida ekanini sezgan Elbek «Mening hikoyam» she’rida «Men hali bitta ham she’r aytmadim, faqat she’r yo‘lidan qaytmadim»,— deb bejiz aytmagan.

Elbekning keyinchalik yaratgan «Mehnat kuylari», «G‘unchalar», «Chirchiq bo‘ylarida» (1935), «Ashulalar to‘plami», «Bolalar ko‘shig‘i», «She’rlar to‘plami» (1936) kabi kitoblaridagi she’rlarida shoir dunyoqarashidagi, badiiy mahoratidagi takomil «manaman» deb turadi. Ayniqsa, shoirning «Sezgilar» to‘plamiga kirgan qator she’rlari o‘zining da’vatkorligi bilan ajraladi.

Elbek qator she’riy to‘plamlar yaratibgina qolmay, o‘nlab dostonlar ham ijod etgan. Uning «Go‘zal qiz» (1927), «Bizniki», «Paxta» (1929), «O‘tmishim» (1929), «Chirchiq» (1929), «Batrak kolxozi» (1930), «Tozagul» (1934), «O‘zbekiston» (1934), «Bog‘bon» (1935), «Etik» (1935), «Mergan» (1935) asarlari shular jumlasidandir.

Elbek — bolalar shoiri sifatida ham ancha barakali ijod qildi. Uning o‘sha «Armug‘on» to‘plamidagi bir qator she’rlari qatori «G‘unchalar», «Chirchiq bo‘ylarida» hamda «Kambag‘al yigit va pardasturxon», «Omonat», «Erksiz polchi», «Ona», «Bolalar qo‘shig‘i» kabi bir qator she’rlari, dostonlari, ballada va ertaklari fikrimizning dalilidir. Ayni chog‘da adib «Yozuv yo‘llari», «O‘rnak», «Boshlang‘ich maktab ona tili», «Go‘zal yozg‘ichlar» (1934) kabi qator darslik va qo‘llanmalar muallifi sifatida ham ma’lumdir.

Elbek hikoyanavis sifatida ham adabiyotimiz tarixida iz qoldirgan. Uning «Dadamat» (1936) to‘plamiga kirgan «Chirchiq», «Men kim bo‘laman», «Ana», «Anorgul», «Qahhorxo‘ja», «Dadamat» kabi hikoyalari adibning durustgina nosir bo‘lganligidan ham dalolat beradi.

Elbek bor-yo‘g‘i qirq yil yashadi. U ham 1937 yilda «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olingan va Magadandagi lagerlarning birida 1939 yil 11 fevralda vafot etgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.