Erkin Samandar

Erkin Samandar Sho‘ro davri o‘zbek adabiyotining kamol topishida iste’dodli yoshlarning o‘rni va roli benihoyadir. Ular orasida jurnalist va publitsist, shoir, va dramaturg, nosir Erkin Samandarning ham o‘z ovozi, o‘ziga xos sozi bor. Erkin Samandar 1935 yili Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Navxos qishloshda oddiy oilada dunyoga kelgan.

U o‘z tengdoshlari kabi o‘rta maktabni tugatgach, Xorazm Davlat pedagogika oliy bilimgohiga o‘qishga kirib, uni 1957 yilda tugatadi. So‘ngra O’zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi A. S. Pushkin nomli (hozirgi Alisher Navoiy nomli Adabiyot ilmgohi) Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qishni davom ettiradi. So‘ng Xorazm viloyatining nohiya ro‘znomalarida, «Xorazm haqiqati» ro‘znomasida hamda viloyat partiya va madaniy qurilish ignlarida mas’ul vazifalarni bajaradi. «Xorazm haqiqati» (1977) ro‘znomasida bosh muharrir bo‘lib ishladi. Shuningdek, «Yoshlik» hamda O’zbekiston radiotelevideniesi adabiy-dramatik ko‘rsatuvlari bo‘lim boshligi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Respublika Vazirlar mahkamasi raisnning o‘rinbosari ham bo‘ldi.

Erkin Samandar ijodkor, adib sifatida 50-yillar o‘rtalari adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga kirib kelgan. Uning birinchi she’riy to‘plami «Amu jilolari» nomi bilan 1966 yilda chop etiladi. So‘ngra «Osmon to‘la nur» «Dunyoning yoshligi» (1970), «Vafo degan gavhar» (1975), «Sevgi fasllari» (1973), «Shedrost rassveta» (1973), «Mening yigit vaqtim» (1979), «Qabul soatlari» (1980), «Sohildagi bolalar» (1982), «Saylanma», «Yurakka yo‘l» kabi o‘ndan ortiq she’riy majmualari chop etildi. Mazkur to‘plamlarga kirgan deyarli barcha asarlarda yaxshi odamlar, go‘zal tabiat, insoniy muhabbat, sevgi va vafo, mehnat va hayot tashvishlari, armonlaru gumonlar, qisqasi chuqur ma’naviyat ildizlarini ochishga intilish seziladi. Ayniqsa, u yaratgan yuzdan ortiq qo‘shiqlar faqat magnit lentalari yoki plastinkalardagina emas, tinglovchilar qalbida ham muhrlanib qolgan. Uning «Fransiya daftari», «To‘qson daqiqa» (sakkizliklar), «Shom qo‘shiqlari» kabi turkum she’rlarida jahon ko‘rgan shoirning hayot va odamlar haqidagi falsafiy xulosalari o‘z badiiy in’ikosini topgan.

Erkin Samandar shoir sifatida «Qabul soatlari», «Sevishganlar shahri», «Komissar», «Erk sadolari», «Ajdodlar qilichi» kabi o‘nga yaqin dostonlar ham yaratgan, eng so‘nggi she’riy asari «Bahor fasli, yor vasli» deb nomlangan bo‘lib, u to‘qsonta sakkizliklardan tarkib topgan alohida turkumdir. Shuningdek, dramaturg sifatida «Javohir», «Ajdodlar qilichi», «Olma pishganda keling» kabi sahna asarlari Ogahiy nomli teatrda ko‘p vaqtdan beri qo‘yilib keladi.

Shuni ham alohida qayd etish kerakki, Erkin Samandar nosir sifatida ham ko‘plab publitsistik asarlar va ocherklar muallifidir. Ayniqsa, uning «Daryosini yo‘qotgan qirgoq» (1989) romani yetuk romannavis sifatida  ham shakllanayotganidan darak beradi. Unda  tabiat, Orol ekologiyasigina emas, eng muhimi, ma’naviyat ekologiyasi sohasida sodir bo‘layotgan qashshoqlik, fojea va ularning ildizlari, oqibatlarini ochish, muhabbat bilan qabohat o‘rtasidagi kurash hayotiy tarzda o‘z ifodasini topgan. Chin muhabbat, chin do‘stlik hamisha og‘ir bo‘lsa ham qabohat, xoinlik hiyonatdan ustun kelishi umumlashtirilgan. Unga «Lenin Xorazmda» va «Sevishganlar shahri» (1980) asarlari uchun respublika yoshlar mukofoti berilgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.