Home / BUYUK SHAXSLAR / O‘ZBEK ZIYOLILARI / Gulchehra Nurullayeva

Gulchehra Nurullayeva

Gulchehra Nurullayeva O’zbek milliy adabiyotining hozirgi taraqqiyotini bir qadar iste’dodli adiba va shoiralarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bular orasida ona shoira Zulfiyadan tortib, Halima Xudoyberdieva, Oydin Hojiyevalar ijodi o‘zga bir olam. Gulchehra Nurullayeva ham ana shu zabardast bir she’riy guldastaga fayz kiritib turganlardan. U 1938 yilda Toshkent viloyatining Choshtepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi chor-nochor ro‘zg‘or tebratgan. Onasi esa uy yumushi bilan band bo‘lgan.

Gulchehra Nurullayeva 1946—1956 yillarda o‘rta maktabda o‘qib, uni oltin medal bilan tugatgan. 1956-1961 yillarda esa Toshkent dorilfununining jurnalistika bo‘limini a’lo baholarda bitirgan. So‘ngra «O’zbekiston xotin-qizlari» (hozirgi «Saodat», 1961— 1967) oynomasida o‘z faoliyatini boshlaydi. 1967—1969 yillarda Moskvadagi ikki yillik oliy adabiyot kursida tahsil oladi. 1967 yildan buyon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Uning ijodi asosan 60-yillardan boshlangan bo‘lib, birinchi she’riy to‘plami «Quyosh tabassumi» (1965) nomi bilan chop etiladi. Shu kungacha o‘ndan ortiq to‘plamlar nashr ettirdi.

«Ularga bu kunning nazari bilan qarab, — deb yozadi shoira o‘z tarjimai holida, — juda ko‘p she’rlarimdan voz kechib turibman. Umuman, O’zbekistonning mustamlaka, o‘zimning qul bo‘lib yashaganimni uzoq yillar bilmagan ekanman. Biz tashqi dunyodan, o‘tmishdan butunlay uzilgandik, imperiya mafkurasi ongimizga har tomonlama singdirilgandi. Shu tufayli hamma qatori pioner, komsomol, komfirqa a’zosi bo‘lganman. Xalqimiz Parkentda Komfirqa boshchiligida otilganining ertasigayoq partiya biletini tashladim. Yozuvchilarning 1991 yil oktyabr oyida bo‘lgan Qurultoyida menga berilgan Lenin komsomoli mukofoti va «Hurmat belgisi» ordenidan voz kechib, uni qaytarib berdim». Ha, shunday!

Shoira ana shu shijoat, isyonkorlik, adolat uchun jonfidolilik o‘zi aytganidek, avvalgi ko‘p she’rlaridan ham voz kechishga olib keldi. Biroq, shoira nimadan, qaysi she’rlaridan voz kechmasin, eng muhimi o‘z xalqi uchun, uning porloq kelajagi, baxt-saodati uchun she’r yozishdan bir zum ham kecholmadi.

Gulchehra Nurullayevaning «Orzularim qoqadi qanot» (1969), «Tashnaman» (1972), «Ikkinchi bahor» (1973), «Lirika» (1975), «Leti, moya mechta» (1972, rus tilida), «Bag‘ishlov» (1977), «Paxta hidi» (1981), «Nurli nuqtalar» (1986), «Muhabbatning suvrati» (1988) kabi to‘plamlariga kirgan o‘nlab, yuzlab she’rlari o‘zining otash nafasi, da’vatkorligi, samimiy va isyonkor ruhi bilan o‘z xalqi yuragidan chuqur joy olgan. Shoira uchun bundan ortiq baxt bormi?! U oilali. Turmush o‘rtog‘i — yo‘l injeneri, qizi dorilfunun  talabasi, o‘g‘li esa rassom bo‘lmoqchi, talaba u. Shoira deydi:

Kimga gul, kim uchun balki tikanman,
Yurtim, xizmatingga yararmikinman?!

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.