Jamol Kamol

Jamol Kamol Shoir Jamol Kamol 1938 yili Buxoro viloyatining Shofrikon tumanidagi Chikaron qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. Ota-onadan erta ayrilgan Jamol tog’asi qo‘lida tarbiyalandi. O’rta maktabni tugatib, Buxoro pedagogika    institutining filologiya fakultetida o‘qidi. So‘ng shu yer   da muallimlik qildi.

Jamol Kamol 1965-1969 yildarda «Buxoro haqiqati» ro‘znomasi muharririyatida ishladi. A. S. Pushkin nomli Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qidi va «Lirik she’riyatda kompozitsiya» degan mavzuda nomzodlik ilmiy ishini himoya qildi. Shoir 1970-1972 yillarda Yozuvchilar uyushmasining Buxoro bo‘limida mas’ul kotib vazifasini bajardi. 1972 yildan esa A.S.Pushkin nomli Til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi. Hozirgi kunda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Jamol Kamolning «Olam kirar yuragimga» (1968), «Cho‘qqilarga yog‘ildi» (1971), «Tosh   tug‘yon”  (1973), «Hasan va oy», (1974), «Suyosh chashmasi» (1975), «Dostonlar» (1978), «Tafakkur» (1979), «Suvaydo» (1983) «Umidli dunyo» (1988) va boshqa bir qator she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

Jamol Kamol mumtoz she’riy an’analar bilan zamonaviy she’riyat tizimini uyg‘unlashtirgan iste’dodli shoirdir. Ayni chog’da uning qo‘shiqlari ham klassik musiqa ohanglari bilan uyg’unlashib, olamjahon tarovat bahsh etib keladi.

U bir tarixiy she’rning ham muallifidir. Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi mustaqil deb e’lon (1991, 1 sentyabr) qilingandan buyon jahonning 121 mamlakati uni tan oldi. Oltmishdan ortiq mamlakat esa biz bilan vakolatxona darajasida bitim tuzdi. Ayni chog’da mustaqil O’zbekistonimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo ham etib qabul qilindi. Xuddi ana shu tarixiy kunga shoir Jamol Kamol guvoh bo‘lgan. Binobarin, xuddi shu yerda, shu daqiqada o‘zining «Avval Vatan, keyin jon» she’rini bitib, o‘qib ham bergan edi. Unda:

Kiprik ketar, ko‘z qolar,
Qolar Vatan jonajon.
Jamoldan shu so‘z qolar:
Avval Vatan, keyin jon!—

kabi yuksak tuyg‘ular o‘z ifodasini topadi.

Jamol Kamolning publitsist sifatida eng so‘nggi asari «Makkayi mukarrama, Madinayi munnavara» (1992) asarlaridir. Unda haj bahonasida ma’naviyatimizni qayta baholaydi, kamoli inson orzusi bilan maydonga chiqadi.

Jamol Kamol tarjima bilan ham shug’ullanadi. U fransuz mumtoz adabiyotining namoyandasi Bualoning «She’riy san’at» asarini, ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning Muhammad Fuzuliy haqida  «Shabihijron» dostonini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Jamol Kamol 1986 yilda Shekspir tragediyalarini ingliz tilidan bevosita o‘zbek tiliga muvaffaqiyatli o‘girgani uchun S.Borodin nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan. Yana unga O’zbekiston xalq shoiri (1992) degan yuksak faxriy unvon ham berilgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.