Mirtemir

Mirtemir

O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir 1910 yil 30 mayda Qozog‘iston respublikasiga qarashli Turkiston shahrining Iqon qishlog‘ida tug‘ildi. U eski maktabni bitirgach, 1921 —1923 yillarda Toshkentdagi «Almaiy» nomli bolalar namuna maktabida tarbiyalanadi. So‘ng 1925 yili o‘zbek Erlar bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1929 yilda tamomlaydi va shu yili O‘zbekiston Davlat Pedagogika akademiyasiga o‘qishga kiradi. Ayni vaqtda u O‘zbekiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining raisi Yo‘ldosh Oxunboboevning shaxsiy kotibi bo‘lib ishlaydi.

Mirtemir 30-yillarning boshlarida noma’lum sabablarga ko‘ra qatag‘on etilib, «Moskva — Volga» kanali qurilishiga yuboriladi. Ammo ko‘p o‘tmay, ozod etilib, oz muddat turli o‘quv yurtlarida dars beradi, muharririyatlarda adabiy xodim, teatrlarda adabiy emakdosh, Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishlaydi.

Uning birinchi she’ri 1926 yilda «Tanburim ovozi» nomi bilan «Yosh leninchi» ro‘znomasida bosilgan. Shoirning «Shu’lalar qo‘ynida» nomli birinchi kitobi esa 1928 yilda chop etilgan. Unda Vatan madhi, mehnat gashti va yosh zamondoshlarning ma’naviy dunyosi tarannum qilingan.

Shoir xalq ijodidan ilhomlanib, «Ajdar», «Dilkusho», «Suv qizi», «Oysanamning to‘yida» kabi dostonlarini yaratdi. Bu asarlar 30-yillarning ikkinchi yarmidagi o‘zbek she’riyatining rivojlanishiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilgan.

Uning urush yillarida yaratilgan «Vabo», «O‘ch», «Bu — mening Vatanim», «Ona shahar», «Dengiz bo‘yida», «Mard yigit, yoring bo‘lay», «Pilla», «Ko‘zlarim yo‘lingda» kabi she’rlarida dushmanga nafrat hislari jangovar ruhda ifodalangan.

Urushdan keyingi yillar Mirtemir ijodida zamon bilan hamnafaslik, davrning eng muhim masalalarini, zamondoshlarimizning barkamol obrazlarini yaratish tamoyili keng o‘rin tutadi.

Mirtemirning tarjimonlik san’ati ham tahsinga loyiqdir. U A. S. Pushkin she’rlarini, N. A. Nekrasovning «Rusiyada kim yaxshi yashaydi», Sh. Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon», Abay, Maxtumquli va Berdaq asarlarini xamda qirg‘iz xalq eposi «Manas»ni tarjima qilgan.

Mirtemirning «Qoraqalpoq daftari» she’rlar turkumi o‘zbek she’riyatining 60-yillardagi yutuqlaridandir. Shoirning «Surat» dostoni o‘zbek dostonchiligining eng nodir namunalaridan biridir. Shoirning «Men seni…», «Chag‘alay», «Qirg‘iziston», «Maxtumquli to‘yida», «Onaginam», «Qozog‘im», «Qaydadir buloq» kabi she’rlari xalqlar do‘stligini kuylovchi eng yaxshi asarlardandir.

1979 yilda unga «Tog‘day tayanchim» she’riy to‘plami uchun Hamza nomidagi Davlat mukofoti berilgan. Shuningdek u Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat mukofoti (1977) laureati, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi (2002).

Mirtemir 1978 yil 25 yanvarda Toshkentda vafot etgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.