Ne’mat Aminov

Ne’mat Aminov Hajviy adabiyotimizning yirik va  iste’dodli vakili Ne’mat Aminov 1937 yil   17 iyulda Buxoro   viloyatining  Romiton   tumanida   temirchi   oilasida  tug‘ilgan.   O’rta maktabni tugatgandan so‘ng (1954—1959 yillarda) Fayzulla Xo‘jaev nomidagi  Buxoro   pedagogika    oliy bilimgohining tarix-filologiya fakultetida tahsil ko‘rdi.

Ne’mat Aminov avval Buxoro viloyati radio eshittirish komitetida muxbir, so‘ng Sho‘ro Armiyasi saflarida xizmatda bo‘ldi. 1973 yilda u Toshkentga — «Mushtum» oynomasiga ishga taklif etiladi. Oynomada 1985 yilgacha mas’ul kotib bo‘lib ishlaydi. 1989 yilda «Sharq yulduzi» oynomasida bosh muharrir o‘rinbosari vazifasini bajardi. 1989 yildan «Mushtum» oynomasining bosh muharriridir.

Uning dastlabki hajviyasi 1965 yilda «Ustoz a’lam?» nomi bilan «Mushtum» oynomasida bosilib chiqqan. Adibning birinchi hikoyalar to‘plami — «Ikki pullik obro‘» (1966) unga obro‘ keltirdi. Shundan keyin hajvchining «Qirq uchinchi pochcha» (1970), «Labihovuz xandalari» (1973), «Jigari to‘kildi» (1974), «Tilla tabassumlar» (1977), «Chinorlar qo‘shig‘i» (1984), «Yelkasiz polvon»   (1986),  «O’g‘ri mushukcha»   (1987),    «Qahqaha»   (1987),   «Yallama yorim»     (1988),    «Cholbolaning ertaklari» (1990) kitoblari bosilib chiqdi.

Ne’mat Aminov (Shakar Dehqon) ustozlari G’afur G’ulom va Said Ahmadlar singari o‘z hajviy hikoyalarini og‘zaki hikoyalash san’ati ustasi hamdir.

Ne’mat Aminovning adabiyotga hissasi haqida gapirganda uning «Yolg‘onchi farishtalar» (1976-1984) deb nomlangan yirik satirik asari birinchi bo‘lib tilga olinadi. Asar yaxlit bir maqsadga qaratilgan «Yelvizak» va «Suvarak» qissalaridan iborat.

Ne’mat Aminov o‘zining «Yolg‘onchi farishtalar» kitobi uchun 1987 yilda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining  Oybek nomidagi mukofotiga  sazovor  bo‘lgan.

Ne’mat Aminovning hikoyalari rus, ukrain, belorus, tojik, turkman, ozarbayjon, gruzin, qolmiq tillariga tarjima qilingan. Bundan tashqari, polyak, bolgar, rumin, chex, mo‘g‘ul, afg‘on, uyg‘ur, urdu tillarida ham uning asarlari bosilgan.

Hajviyotchi adib Said Ahmad, Sa’dulla Siyoyev, Anvar Muqimov, Anvar Obidjonlar qatoridagi noyob iste’dod sohibi sifatida o‘zbek adabiyoti satira va yumorini rivojlantirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Ana shu ulkan xizmatlari uchun unga O’zbekiston xalq yozuvchisi unvoni (1992) berildi.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.