Home / BUYUK SHAXSLAR / O‘ZBEK ZIYOLILARI / Normurod Narzullayev

Normurod Narzullayev

Normurod Narzullayev Normurod Narzullayev o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga o‘zining ko‘p qirrali ijodi bilan barakali hissa  qo‘shib kelayotgan shoirlardan biridir.

U 1934 yilning 7 iyulida Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Xo‘jahayron qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga keldi. U yetti yillik ma’lumotni o‘z qishlogidagi maktabda oldi.   1948 yilda   Oxunboboev nomli Qarshi pedagogika bilim  yurtiga   kirib  o‘qidi. 1956 yilda Samarqand Davlat pedagogika institutining Til va adabiyot fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirdi.

Mehnat faoliyatini 1956 yildan boshladi: «Lenin yo‘li» (Samarqand), «Qashqadaryo haqiqati» (Qarshi) ro‘znomalarida musahhih, adabiy xodim, bo‘lim mudiri va mas’ul kotib vazifalarida ishladi. 1968—1969 yillarda Alisher Navoiy nomli Samarqand Davlat dorilfununining o‘zbek adabiyoti kafedrasi aspiranturasida o‘qidi.

Normurod Narzullayev 1969 yilda O’zbekiston KP Samarqand shahar komiteti propaganda va agitatsiya bo‘limining mudiri bo‘lib ishladi. 1970 yil yanvaridan 1974 yil iyuligacha O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti madaniyat bo‘limining instruktori, sektor mudiri lavozimlarida xizmat qildi. 1974 yilda O’zbekiston SSR Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari va Rayosat a’zosi etib saylandi. 1976 yildan 1981 yilgacha O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib va kotibiyatning a’zosi vazifalarida ishladi.

Shoir 1981 yil dekabrida O’zbekiston LKSM Markaziy Komiteti «Yosh gvardiya» nashriyoti bosh redaktori etib tasdiqlandi. 1991 yildan e’tiboran O’zbekiston Yoshlar Ittifoqi «Kamalak» nashriyotmatbaa birlashmasining bosh muharriri vazifasini bajarmoqda.

Shoir ijodiy faoliyatini 1954 yildan boshlaydi, vaqtli matbuot sahifalarida uning ilk she’rlari bosiladi. G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida shoirning ilk she’riy to‘plami — «Suyunchi» (1965) bosilib chiqadi. Bugunga qadar shoirning o‘ttizga yaqin kitoblari bosilgan. «Sizni Vatan erkalar» (1966), «Mehr chashmasi» (1970), «Zarafshon zarlari» (1970), «Ufqlarda ko‘zlarim» (1973), «Yog‘du» (1974), «Nigohlar» (1976), «Lahza va larza» (1978), «Sevgi sehri» (1981), «Oq samanim» (1982), «Tong elchisi», (1984), «Shamolni ushlagan bola» (1985), «Yaxshilik deb yashayman» (1987), «Aniq zaqt» (1989) kabi to‘plamlarning muallifidir. Shoirning rus tilida «Visokoe solnse» (1974), «Dobriy svet» 1977), «Poyot dutar» (1977), «Mgnovenie» (1982), «Dixaniye trav» (1983), «Malchik poymavshiy veter» (1990) kitoblari chop etilgan. Bundan tashqari, shoirning «Muhabbatdan tug’ilgay» kitobi ozarbayjon, «Qo‘shchinor» to‘plami tojik tilida nashr etilgan.

Normurod Narzullayev asarlari chet ellik she’riyat muxlislariga ham yaxshi tanish: uning she’rlari ingliz, vetnam, chex, nemis, polyak, turk, hiyad, ispan, frantsuz kabi tillarga tarjima qilingan.

Normurod Narzullayev adabiyotga oid bir qator ilmiy, adabiytanqidiy maqolalar muallifidir. «Xalq bulbuli», «Do‘stlik mushoirasi» hujjatli filmlari ssenariysi,   «Vijdon isyoni»  dramasi  ham     uning qalamiga mansub.

Normurod Narzullayev «Narziy» taxallusi bilan qo‘shiqnavis shoir sifatida mashhur. Uning she’rlari asosida yaratilgan ko‘plab qo‘shiqlar Butunittifoq va respublika konkurslarida maxsus sovrin va diplomlar bilan taqdirlangan. Ayni paytda shoirning 200 dan ortiq qo‘shiqlari muvaffaqiyat bilan ijro etilmoqda.

Normurod Narzullayev badiiy tarjima sohasida ham samarali ijod etmoqda. Ayniqsa, Osiyo va Afrika mamlakatlari shoirlarining ijodidan qilgan tarjimalari o‘zbek kitobxonlariga manzur bo‘ldi.

Ijodkor 1974 yilda «Mehr chashmasi», «Zarafshon zarlari», «Ufqlarda ko‘zlarim» she’riy to‘plamlari uchun O’zbekiston Lenin komsomoli mukofoti laureati unvoniga sazovor bo‘lgan.

1984 yilda O’zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi  faxriy  unvoni  berildi.

Normurod Narzullayev o‘z ovozi va ijod dastxatiga zga serqirra ijodkor bo‘lib, uning asarlarida yuksak grajdanlik, samimiyat, burchga sadoqat, Vatanga muhabbat, jonajon o‘lka tabiatiga, o‘z ona eliga maftunkorlik tuyg’ulari yetakchi o‘rinni egallaydi. Chindan ham u o‘zi aytganidek:

Qanot bo‘lib keldim dunyoga,
Qo‘shiq bo‘lib qolayin, deyman!
,— deganda haq.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.