Nurali Qobul

Nurali Qobul Iste’dodli va iqtidorli adiblardan biri Nurali Qobuldir (Nurali Qobulovich Xolbo‘tayev). Nurali Qobul 1950 yilda Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi O’smat qishlogida tavallud topgan. 1974 yilga kelib Ulug‘bek nomidagi Fargona Davlat pedagogika oliy bilimgohining tarix bo‘limini bitirgan. Shundan so‘ng tuman, viloyat komsomol va partiya rahbarlik ishlarida ishlagan. 70-yillardan boshlab jurialist sifatida tuman, viloyat ro‘znomalarida, aniqrog‘i «G’alaba bayrog‘i», «Jizzax haqiqati» ro‘znomalarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. So‘ngra Toshkentga kelib, «Sovet O’zbekistoni san’ati» (1977) oynomasida muharrir o‘rinbosari, keyinroq bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Hozirgi kunda u «Cho‘lpon» nashriyotining rahbaridir.

Nurali Qobulning adib sifatidagi ijodi, asosan uning Toshkent davriga to‘g‘ri keladi. Avval hikoya, qissalar yozib, ro‘znoma va oynomalarda ko‘rina botlaydi. Uning qissa va hikoyalardan iborat «Oyqor» (1978), «Salom, tog‘lar» (1979) kabi to‘plamlari ketma-ket paydo bo‘ladi. Har ikki to‘plam ham kitobxon va adabiy tanqid tomonidan qizg‘in bahsga sabab bo‘ladi. Unda urush davri fojealari, urf-odat va oilaviy kelishmovchiliklar, yoshlar taqdiri va sevgisi haqidagi falsafiy mushohadalar o‘quvchi qalbini to‘lqinlantirgan edi. Eng muhimi, undagi adolatparvarlik sari intilish, sof sevgiga adoqat, kattalarga hurmat, asar qahramonlariga nisbatan iliqlik uyg‘ota olishidir. Shundan so‘ng yozuvchining yana o‘ndan ortiq she’riy, nasriy asarlari chop etildi. Jumladan, «Tubsiz osmon» (1981), «Yashash uchun kehikma»  (1983) kabi qissalarida yoshlar taqdiri, kelajagi yo‘lidagi kurashi, orzu-intilishlari yana bahslarga yetaklaydi. Adibning «Kaptarlar  qaytmas-kuya» (1983) hikoya va qissalar to‘plami, «Unutilgan sohillar» (1988) kabi romanlarida endi faqat adibning mavzu doirasigina kengayib qolmay, hayot, odamlar haqidagi falsafiy qarashlarining tobora real, chuqur ko‘rinishga kirayotganligidan  ham shahodat beradi. Shuningdek, bolalar uchun yozilgan «Odam, Oyqor tog‘ va daydi shamol» (1980) she’riy ertagi yaratildi. Adib publitsist va tarjimon sifatida ham barakali ijod bilan band. Uning «Bug‘doy pishig’iga yetmaganlar» (roman va qissalar, 1992) yoki «Vatandan o‘zga yaxshi yor bo‘lmas» (1992) kabi publitsistik maqolalar to‘plamlari ham alohida e’tiborni tortadi.

Nurali Qobul M.Gorkiy va B.Polevoy nomidagi Ittifoq, adabiy mukofotlarining sovrindoridir. Uning ko‘plab asarlari rus va qardosh, xorijiy tillarga tarjima qilingan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.