Parda Tursun

Parda Tursun

XX asrning 30-50-yillarida ko‘zga ko‘ringan yozuvchilardan biri Parda Tursundir. U 1909 yil 7 noyabrda Namangan viloyati, Pop tumanidagi Chorkesar qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. Ota-onadan erta yetim qolgan Parda Tursun sarson-sargardonlikda hayot kechiradi. Ayovsiz yillar shamoli uni 1918 yilda Chorkesar qishlog‘idan Toshkentga yetaklaydi. Kishilar eshigida xizmatkor bo‘lib kun kechiradi. Undagi ilmga tashnalik 1923—1927 yillarda tajriba ko‘rsatkich maktabiga, 1927—1928 yillarda Karl Marks nomli pedagogika bilim yurtiga olib keladi. So‘ngra, 30-yillar boshiga qadar Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi maktablarda o‘qituvchilik qiladi.

Uning adabiyotga qiziqishi xuddi shu davrdan boshlangan. 1929—1934 yillarda «Qizil O‘zbekiston» gazetasi sahifalarida ilk xabar va ocherklari chop qilingan. 1930 yilda uning «Zo‘rlik» nomli birinchi hikoyasi e’lon qilingan.

1934—1935 yillarga kelib adibning «Ostonada», «Qo‘ldosh va Marusya», «Bir xotinning tarixi» kabi hikoyalari yaratiladi.

Parda Tursun ijodida uning «Domla» (1937) hikoyasi muhim o‘rin tutadi. Mazkur hikoyaning syujet chizig‘i, aytish mumkinki, adibning qariyb barcha yirik asarlari sahifalariga ko‘chgan.

Parda Tursun 30-yillarda zamondoshlari hayotidan olingan bir qator hikoyalar, o‘nlab ocherklar yaratdi.

Uning «Dadajon rais» (1932), «Yangi raislar» (1933), «Majlisda» (1934), «Quvnoq hayot» (1935), «Yaylovda» (1935), «Traktorchi» (1935) kabi ocherklari shular jumlasidandir. Adib hikoyalarida bo‘lganidek, ocherklarida ham o‘zbek ziyolisining bosib o‘tgan yo‘li, kurashi haqida hikoya qiladi.

1941—1945 yillarda adib Ikkinchi jahon urushida qatnashadi. Urushdan keyingi yillarda oliy o‘quv yurtlarida talaba, o‘qituvchi, nashriyotlarda muharrir bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi. 1947 yili uning birinchi yirik asari — «Haq yo‘l» nomli qissasi chop etiladi. Undagi bosh qahramon — Xolmurod Do‘stmatovning hayot yo‘li timsolida adib o‘zbek ziyolisining bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘lini gavdalantiradi. U keyinroq «O‘qituvchining yo‘li» nomi bilan chop etilgan. 1950 yillarda mazkur qissa qayta ishlanib, «O‘qituvchi» nomi bilan roman sifatida nashr qilingan. Undagi bosh qahramon Elmurod obrazida o‘zbek ziyolisining hayoti va kurash yo‘li mujassamlantirilgan.

Parda Tursun jurnalist va yozuvchi bo‘libgina qolmay, tarjimon ham edi. U Saltikov-Shchedrin, A. Tolstoy, Emil Zolya, Gi de Mopassan asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dargan.

U 1957 yil 28 sentyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.