Sharof Rashidov

Sharof Rashidov

Taniqli adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917 yilning 6 noyabrida Jizzax shahrida dehqon oilasida tavallud topgan. Narimonov nomidagi o‘rta maktabda dastlabki ma’lumotni olgach, Jizzaxdagi pedagogika texnikumida o‘qigan. 1941 yilda esa Samarqand davlat universitetini tugatgan. Shundan so‘ng u muallim va muxbir sifatida faoliyatini boshlagan. 1938—1941 yillarda Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» gazetasida ishlaydi. 1941 —1942 yillarda urushda qatnashadi. Frontdan qaytgach, 1944—1947 yillarda Samarqand viloyat partiya tashki-lotining kotibi bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi.

1947—1949 yillarda «Qizil O‘zbekiston» («O‘zbekiston ovozi») gazetasiga muharrirlik qiladi. 1949—1950 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining raisi, 1950— 1959 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi rayosatining raisi, 1959—1983 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi bo‘lib ishlaydi.

Sh. Rashidovning ijodi 30-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan. U dastlab she’riyatda qalam tebratib, «Samarqand kuylari» nomi bilan birinchi she’riy to‘plamini e’lon qilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida yozgan she’rlari 1945 yilda «Qahrim» to‘plamida chop etilgan. U ayni chog‘da adabiyotshunos va munaqqid sifatida ham qalam tebratgan.

Sharof Rashidov ijodida maqolanavislik muhim o‘rinni egallaydi. Shuning uchun ham uning badiiy ijodi namunalarida bu ruh yetakchilik qiladi. Adibning «G‘oliblar» (1953) qissasi 1972 yilda qayta ishlanib, «G‘oliblar» romani sifatida nashr etiladi. «Bo‘rondan kuchli» (1958), «Qudratli to‘lqin» (1964) romanlari yaratiladi. Ularda o‘zbek xalqining urushdan keyingi tiklanish yillaridagi mehnat jasorati o‘z badiiy ifodasini topgan.

Ijodkorning «Kashmir qo‘shig‘i» (1957), «Komde va Mudan» (1959) kabi lirik qissalari va «Koinot» (1960) kabi kinoqissasi an’anaviy Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan bo‘lib, yoshlik, bahor, go‘zallik, hayot nashidasi madhiga bag‘ishlangan. Adib hayotining so‘nggi yillarida yaratgan «Dil amri» qissasi urush yillarida Belorus zaminida kechgan jangchilarning g‘alaba yo‘lida olib borgan hayot-mamot kurashi tasviriga bag‘ishlangan.

1981—1983 yillarda adibning besh jildlik asarlari rus va o‘zbek tillarida chop etilgan.

U 1983 yilning kuzida vafot etgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.