Tohir Qahhor

Tohir Qahhor Tohir Qahhor didli va umidli iste’dod sohibi. Tohir Qahhor Namanganning To‘raqo‘rgon tumanida 1953 yilda tug’ilgan. U ham Toshkent dorilfununida tahsil olgan, 1975 yilda jurnalistika fakultetini tutatgan. Avval respublika teleradiosining adabiy-dramatik bo‘limida muharrirlik qilgan. 1979—1986 yillarda «Sharq yulduzi» oynomasida adabiy xodim, hozirda esa G’. G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.

Uning ilk maqola va she’ri juda erta, o‘n besh yoshidayoq paydo bo‘lgan, Namangan tumanida chiqadigan «Uchqun» ro‘znomasida bosilgan. Dastlabki kitobi esa 1980 yilda «Oq o‘rik» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng uning «Oqayotgan daryo» (1982)., «Osmon kimniki?» (1984), «Eshik taqillayotir» (1984), «Kun ko‘zi» (1987), «Yulduzlar mening bog’im» (1988), «Oko dnya» (1990, Moskvada, rus tilida), «Togning parvozi» (1990), «Otashgiyoh» (1992) kabi o‘nga yaqin to‘plamlari ketma-ket chiqadi. To‘plamlarga kirgan she’rlarini o‘qiganda kitobxonda ajib tuyg‘ular qayta jonlangandek, uyqudan uyg’ongandek bo‘ladi. Sabab, ularda davr va zamon, inson va kelajak, tabiat muammolari sodda va ravon ifodalarda, favqudodda ishonchli tarzda o‘z ifodasini topadi. Ayni chog‘da shoirdagi nozik ta’b, saviya, jur’at mutanosibligi uning‘ she’rlariga alohida falsafiy kuch bag‘ishlaydi. Jumladan, uning «Tilimiz» she’ri e’tiborga molik.

Tilimiz bir quyoshki, u kunu tun sochar nur,
U bir gulzorki, so‘nmas, rangidan yashnar umr
U bir yerki, o‘lsak ham, unda yashay olurmiz.

Xuddi shu misralar Oybek domlaning quyosh haqida quyidagi misralarini eslatadi:

Quyosh nurin sochaver mo‘l-mo‘l,
Chaman, ketma bizning boglardan!

Tohir Qahhor ajoyib topilma shoirgina emas, ayni chog‘da yetuk publitsist, mohir tarjimon hamdir. Uning milliy tariximiz, madaiiyatimiz, millatimiz taqdiri haqidagi, adabiyotimiz va merosimiz haqidagi chuqur ilmiy tafakkur bilan yozilgan o‘nlab maqolalari nafaqat publinistika janrini, balki adabiyotshunosligimizning ham yutug‘i desa bo‘ladi.

U tarjimon sifatida buyuk turk shoiri Ziyo Ko‘kalpning «Ergeno‘ko‘n» dostoni va qator she’rlarini, fors adabiyoti namoyandalari Hofiz Sheroziy va Abdurahmon Jomiy g‘azallarini, arab adabiyotining klassiklari Abu Tammom, Al-Maariy, qolaversa, A.S.Nugakin, Fet, Tyutchev she’rlarini va yana ko‘plab Sharq va G’arb adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dardi.  Shuningdek, kolumbiyalik mashhur adib G.G.Markesning «Oshkora qotillik qissasi»ning ham tarjimonidir U bunday faol xizmatlari uchun Ahmad Yassaviy mukofoti sovrindori, O’zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi degan sharafga ega.

Shoir bundan qariyb o‘n yillar oldin, hali Respublikamiz mustamlaka girdobidan chiqib, mustaqil bo‘lmaganida yozgan edi:

Mustamlaka yurt — ulkan
Zindonning xuddi o‘zi:
O’z qulligin ko‘rmaydi
Unda tiriklar ko‘zi.

Ha, u dardli shoir, chuqur ilmiy tafakkur egasi, xususan, uning «Tog‘ning parvozi» to‘plamidan ajdodlar tarixi, etnografiyasi, turon va turk eli, uning tabiiy sharoiti, tuzilishi, daryo va tog’-adrlari geografiyasi haqida yangi-yangi ma’lumotlar olasiz. Tafakkuringizni boyitibgina qolmay, ajdodlarga yana bir bor ixlosingiz oshadi.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.