Turob To’la

Turob To'la

Qo‘shiqchi shoir va dramaturg Turob To‘la 1918 yil 24 dekabr kuni Qozog‘iston respublikasi Chimkent viloyatiga qarashli Turbat qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilib, bolalar uyida tarbiyalandi. 1933—1941 yillarda Toshkent pedagogika institutining kechki bo‘limida tahsil oldi. Shu bilan birga, «Yosh kuch» jurnali, «Yosh leninchi» gazetalarida ishladi. So‘ngra O‘zbekiston Davlat nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Radiosida bo‘lim boshqaruvchisi, «O‘zbekfilm» kinostudiyasida adabiy bo‘lim mudiri, Respublika kinochilar uyushmasi kotibi, San’at ishlari boshqarmasining boshlig‘i, Hamza nomidagi Akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi adabiyot targ‘iboti markazining rahbari kabi bir qancha mas’ul lavozimlarda faollik ko‘rsatdi.

Turob To‘la she’r yozishni 1934 yillardan boshlagan. 1939 yilda uning birinchi she’rlar to‘plami bosilgan. 1941—1945 yillarda uning harbiy mavzudagi she’rlari xalqimizning fashizmga nafratini va vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini ifodaladi. Shoirning «Shodligim» (1941), «Tabassum» (1944) to‘plamlaridagi she’rlari ham qahramon jangchilarga bag‘ishlangan.

Turob To‘laning «Baxt tongotari» (1948), «Sen haqingda», «Qanot qoqing, qo‘shiqlarim», «Kamalak», «Nafosat» to‘plamlari ko‘pgina she’r va dostonlarni o‘z ichiga olgan. U «Bolalar dostoni» (1950) nomli asarida maktab va do‘stlik haqida hikoya qiladi. 1955 yilda Turob To‘la «Qanot qoqing, qo‘shiqlarim» she’rlar to‘plamini o‘quvchilariga taqdim etdi. Uning qo‘shiq uchun yozilgan yoqimli, jarangdor she’rlari zamonamiz kishilarining yuragiga hamohangdir. U qo‘shiqchi shoir sifatida, ayniqsa, mashhur bo‘lgan.

Bir qancha kinoqissalar, jumladan, «Rais», «Marg‘ilonlik qiz», «Talant», «Maftuningman», «Furqat», «Shashmaqom», «To‘qqizinchi asr monologi», «Qahr» filmlari stsenariysi Turob To‘la qalamiga mansubdir.

Turob To‘la dramaturg sifatida ham mashhur bo‘lib, uning «Qirq qiz», «Qizbuloq», «Momo yer» (Ch. Aytmatov asari asosida), «Nodirabegim», «Qahr» pesalari respublika teatrlarida qo‘yildi. Shuningdek, u «Zulmatdan nur» (Oybekning «Qutlug‘ qon» romani asosida) operasi hamda «Samarqand afsonasi» baletining librettolarini yozgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Turob To‘la o‘z she’rlari, qo‘shiqlari, muzikali dramalari va kinostsenariyalari bilan o‘zbek kitobxonlari va tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan.

U Shekspirning «Qiyiq qizning quyulishi» komediyasi, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A. Nekrasov, T. Shevchenko, A. To‘qay, S. Muqonov asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

U O‘zbekiston xalq shoiri (1988). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1967).

Turob To‘la 1990 yil 20 mart kuni Toshkent shahrida olamdan o‘tgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.