Usmon Azimov

Usmon Azimov Iste’dodli shoirlardan biri Usmon Azimovdir. U 1950 yili Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug’ilgan. 1972 yilga kelib Toshkent  Davlat dorilfununini tugatgan. So‘ngra sobiq Sovet Armiyasi saflarida xizmat o‘tagan. U dastavval jurnalist sifatida Respublika radiosida, bir qator ro’znoma va oynomalarda, nashriyotlarda faoliyat ko‘rsatgan. Hozirgi kunda esa Respublika Prezidenti devonida Davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Usmon Azimov shoir sifatida 70-yillarda matbuotda ko‘rina boshlagan. 1978 yilga kelib, shoirning birinchi to‘plami «Insonni tushunish» nomi bilan nashr bo‘lgan. Shundan so‘ng uning ketma-ket «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Otrajeniye» (1983) kabi she’riy to‘plamlari chop bo‘ladi. «Bir qadam» nomli radiodramasi, bolalar uchun «G’aroyib ajdaho» (ertak), «Bog‘dagi bog‘cha» kabi bir qator asarlari paydo bo‘ladi. Shuningdek, «Dars» (1987), «2 aprel» (1988), «Baxshiyona» (1988), «Uyg‘onish azobi» (1991) singari she’riy to‘plamlarni yaratadi. U yaratgan o‘nlab she’rlar, dostonlar faqat mavzu, janr va uslub jihatidan emas, balki jo‘shqin, shiddatli va ayni chog‘da beg‘uborligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, uning asarlarida hayotdagidek kuchli dramatizm va fojeaviylik o‘quvchini hayajonga tortadi. Eng muhimi, uning she’r va dostonlarida ona Vatan ishqi, ona xalq tashvishlari, kelajak muammolari goh zamonaviy mavzularda, goh tarixiy-qiyosiy tarzda, goh folklor an’analari ruhida o‘zining chuqur realistik ifodasini topadi. Ha, shoir o‘zi haqida aytganidek:

O’ynoq-o‘ynoq, og‘ir-og‘ir oqmoqda umrim.
Goh ko‘z yumib, goh ufqqa botmoqda umrim.
Bor jonini sadqa aylab she’rga, qo‘shiqqa,
Siz yo‘qotgan sururlarni topmoqda umrim.

Usmon Azim ijodi hozir kamolot bosqichida. Ishqilib zavol topmasin, el-yurt uchun umrini, ijodini baxshida etgani rost bo‘lsin. U V.Mayakovskiy nomidagi Gruzin Davlat mukofoti sovrindoridir.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.