Home / BUYUK SHAXSLAR / O‘ZBEK ZIYOLILARI / Usmon Qo’chqor

Usmon Qo’chqor

Usmon Qo'chqor Iste’dodli shoir Usmon Qo‘chqor 1955 yilda Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida oddiy mehnatkash oilada dunyoga keladi, U o‘rta maktabni tugatgach, 1970—1975 yillarda Toshkent Davlat dorilfununida tahsil oladi. Shundan so‘ng u 1975— 1977 yillarda G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida ishlaydi. 1977—1979 yillarda esa yana ona yurti Shofirkonga borib, o‘rta maktablarda ona tili va adabiyotidan dars beradi. 1979—1986 yillarda bo‘lsa, Toshkentda — «O’zbekiston» nashriyotida muharrir bo‘lib xizmat qiladi. 1986—1988 yillarda «Cho‘lpon» nashriyotida, 1988—1991 yillarda «Yoshlik» oynomasida faoliyat ko‘rsatadi. Hozirgi kunda u G’afur G’ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyotida ishlamoqda.

Shoir ijodining boshlanishi asosan 70-yillar oxiri va 80-yillar boshlariga to‘g‘ri keladi. Uning birinchi she’riy to‘plami 1982 yilda «Hayajonga ko‘milgan dunyo» nomi bilan chop ettiriladi. To‘plamga kirgan ko‘pchilik she’rlar shoirning izlanishlaridan, o‘z uslubini yaratayotganligidan darak bersa ham ular yoshlikning beg‘ubor, sodda, odamiy qalb tuyg‘ularidan tashkil tonganligi kitobxonni o‘ziga jalb etadi. So‘ngra, shoirning «Akssiz sadolar» (1986) nomli ikkinchi she’rlar to‘plami bosildi. Ketma-ket esa «Uyqudagi minora» (1987), «Og‘ir karvon» (1991) kabi ancha jiddiy, salmoqli she’riy guldastalari yaratildi. Bu to‘plamlar shoir dunyoqarashining keng va chuqurligi, mavzular doirasining beqiyosligi, fikrlarining teranligi bilan ajralib turadi. Xususan, uning «Og‘ir karvon» nomli she’riy to‘plamiga kirgan ko‘pchilik she’rlari inson ruhiyati, ruhiy olami, ma’naviyati haqida bitilgan goh qasida goh pamflet bo‘lib yangraydi. U o‘zining «Ruhidan ajragan odam» she’rida ruhidan ajralgan har odam qanotsiz qushga o‘xshaydi. Inson esa har damda, hamisha inson bo‘lib qolishiga da’vat seziladi. Dunyo cheksizliklari, olam mashmashalari, kishi anduhlari haqida bahs yuritib, pirovard deydi:

Buyuk xatarlardan tolguvchi dunyo,
Har gal omon chiqa olguvchi dunyo,
Quyoshga umidvor qolguvchya dunyo,—
Imon, e’tiqodi butlarga qolsin,—

deya orzu qiladi. Shoir o‘z she’rlarida hamisha zamonlar qiyosidan haqiqat, nur izlaydi. Insonni ezgu va mukammal etguvchi ruhni izlaydi, ba’zan topadi, ba’zan esa…

Shoir o‘zining «Quvg‘in» dostonini ham yaratgan, unda qatag‘onlik davri aziyatlari, iztirob va alamlari haqida achchiq haqiqatni ochadi.

U tarjimon, jurnalist sifatida ham samarali ijod bilan band. Shoir rus, Sharq, G’arb adabiyotlarining eng yaxshi namunalarini o‘z ona tiliga ag‘darib yana bir savobli ish qilyapti. Jumladan, mashhur ozor shoiri Samad Vurg‘un o‘g‘li Yusuf Vurg‘unning «Qatl kuni» romanining tarjimasi shundan dalolat beradi.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.