Ubaydullaxon

Ubaydullaxon

Ubaydulla Sulton, Ubaydiy
(1486-yil, Xorazmning Vazir shahri yaqinidagi Tirsak mavzesi — 1540-yil 17-mart, Buxoro)
(1533-1539)

Buxoro xoni, shoir. Shayboniylar sulolasidan. Muhammad Shayboniyxonning jiyani, Mahmud Sultonning o‘g‘li. To‘liq ismi Abulg‘oziy Ubaydulloh Bahodirxon ibn Mahmud Sulton ibn Shoh Budog‘ Sulton ibn Abulxayrxon. Otasining iltimosiga ko‘ra, unga Xoja Ubaydulloh Ahror o‘z ismini bergan. Tasavvuf bo‘yicha dastlabki saboqni otasining piri Mavlono Muhammad Јozidan olgan. U.ga o‘z davrining mashhur ulamolari Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Maxdumi A`zam, Mavlono Muhammad Azizon, Mavlono Xoja Muhammad Sadr va boshqalar ustozlik qilgan. Xususan, unga davlat arbobi va sarkarda amir Abdulla Yamaniy (Buxoroda Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan) harbiy san`atdan saboq bergan va o‘ziga murid qilib olgan.
Xorazm va Buxoro hokimi bo‘lgan otasi Mahmud Sulton Qunduzda vafot etgach (1504), unga O‘rusbek Do‘rmon (1512-yilda Ko‘li Malikda bo‘lgan jangda o‘ldirilgan) otaliq qilib tayinlangan.
Ubaydullaxon amakisi Shayboniyxonning Xorazm (1505), Balx (1506), Hirot va Mashhad (1507)ga qilgan harbiy yurishlarida qatnashgan.
Dastlab safaviylar qo‘shinining Movarounnahr ichkarisiga bostirib kirishidan cho‘chigan Ubaydullaxon va Muhammad Temur Sulton (Shayboniyxonning o‘g‘li) shoh Ismoil I bilan elchilar almashib, sulh tuzishga uringanlar. Shayboniylar sulolasining xoni Ko‘chkunchixonning asosiy noibi (1510-yildan) va Buxoro hokimi (1504-yildan) sifatida Ubaydullaxon dushmanga qarshi kurashga otlangan. 1511-yilda bo‘lgan jangda yengilgan Ubaydullaxon va Ko‘chkunchixon, Samarqand hokimi Suyunchxo‘jaxon, shuningdek, Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton o‘z yaqinlari bilan Turkiston shahriga chekinadilar.
1512-yil 28-aprelda Ko‘li Malik jangida Ubaydullaxon g‘alaba qozonib, Buxoro va Samarqandni egallaydi. 1512-yil bahorida Ubaydullaxonning shijoati natijasida Movarounnahr yana shayboniylar qo‘liga o‘tdi. Biroq Ismoil I yuborgan Najmi Soniy boshchiligidagi 60 ming kishilik safaviylar qo‘shiniga suyangan Bobur 1512-yil kuzida G‘uzor va Qarshini egallaydi. Najmi Soniy qo‘shini G‘ijduvonni qamal qilishga kirishdi. Ubaydullaxon va Jonibek Sulton Karmanaga; Ko‘chkunchixon va Temur Sulton Miyonkolga chekinib, hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko‘rishadi. 1512-yil 24-noyabrdagi G‘ijduvon jangida Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin g‘alaba qozongan.
1513-yil yanvarda Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin Xurosonga harbiy yurishlar qilib, safaviylarga kuchli zarbalar berdi. 1513-yil 11-martda Ubaydullaxon Marvni egallaydi. Bu orada Ubaydullaxon Xorazmni ham egallab, o‘g‘li Abdulazizxonni hokim qilib tayinlaydi. Uzoq davom etgan harbiy to‘qnashuvlardan so‘ng Mashhad, Hirot (1529) va boshqa shaharlar egallandi. Ubaydullaxon Hirotdagi murakkab vaziyatni tartibga solish (bu yerda shialarning ta`siri kuchayib ketgan edi) va uning Buxoro bilan aloqalarini mustahkamlashga katta e`tibor qaratgan. Ko‘chkunchixon vafot etgach, uning o‘g‘li Abu Saidxon davrida ham Ubaydullaxon noiblik vazifasida qolgan.
1533-yilda Abu Saidxon vafotidan so‘ng, turkiy an`anaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulug‘i Ubaydullaxon Buxoroda shayboniylar sulolasining xoni qilib ko‘tarilgan. Poytaxt ham Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilib, davlatning nomi rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb atalgan. Ubaydullaxon hukmronligi davrida Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavqei kuchaydi. Buxoroda Mir Arab madrasasi, Mirak Said G‘iyos bog‘i, Ko‘hak (Zarafshon) daryosi ustida Mehtar Qosim ko‘prigi va boshqa inshootlar qurildi.
Ubaydullaxon yassaviya va naqshbandiya tariqatlariga e‘tiqod qilib, shayx sifatida muridlar ham tarbiyalagan. Ubaydullaxon «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», «Ubaydulloh» taxalluslari bilan o‘zbek, fors va arab tillarida ijod qilgan. Uning uchala tildagi devonlarini o‘z ichiga olgan kulliyoti keyinchalik Mir Husayn al-Husayniy tomonidan ko‘chirilgan (1583). Ubaydullaxonning turkiy devonida 310 g‘azal, 430 ruboiy, 11 tuyuq, 18 masnaviy, 7 muammo, 2 yor-yor mavjud. Shuningdek, devondan diniy-tasavvufiy va axloqiy-didaktik ruhdagi “Omonatnoma”, “Shavqnoma”, “G‘ayratnoma”, “Sabrnoma” manzumalari o‘rin olgan. Forsiy devonida esa 163 g‘azal, 418 ruboiy, 7 qit‘a, 1 fard, 1 masnaviy, 1 tarje‘band va 3 muammo bor. Arab tilidagi merosi 35 ga yaqin g‘azal, qit‘a va fardlardan iborat. Ubaydullaxon Ahmad Yassaviy asos solgan hikmatnavislik an‘anasini rivojlantirgan. Undan 1786 baytdan iborat 220 dan ortiq hikmat etib kelgan. Ubaydullaxon ijodida diniy-tasavvufiy g‘oyalar yetakchilik qiladi. Ubaydullaxon o‘zbek va fors adabiyotidagi yirik ruboiynavislardan hisoblanadi. Uning bu 2 tildagi ruboiylari 850 ga yaqin. Xususan, o‘zbek adabiyotida ruboiyning Boburdan keyingi taraqqiyoti Ubaydullaxon nomi bilan bog‘liq. Shoir she‘rlarida o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan, o‘ziga xos xususiyatlaridan mahorat bilan foydalangan.
Ubaydullaxon Buxoro yaqinida joylashgan Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohon (Shohlar daxmasi)dagi shayboniylar xilxonasida dafn etilgan. Ubaydullaxon kulliyoti yagona nusxada O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida, «Devoni Ubaydulloxon» qo‘lyozmasi Turkiyaning Nuri Usmoniya kutubxonasida, «Masoil us-salot» nomli terma bayozi Ko‘niyodagi Izzatquyun xususiy kutubxonasida saqlanadi.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.