O'ZBEK ZIYOLILARI

Erkin Usmonov (1952-2016)

Erkin Usmonov (1952-2016)

Erkin Usmonov 1952 yil 10 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat chet tillar institutini tugatgan (1978).

Qurilishda, Yoshlar teatrida, «O‘zbektelefilm» studiyasida ishlagan. «Mosfilm» qoshidagi maxsus kavaleriya—kino polkida harbiy xizmatni o‘tagan. Qariyb yigirma yil mobaynida O‘zbekiston Radiosining adabiy-dramatik eshittirishlar Bosh tahririyatida turli vazifalarda ishlagan. U O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosidir.

Erkin Usmonovning «K. K.» nomli ilk fantastik hikoyasi «Lenin uchquni» (hozirgi «Tong yulduzi») gazetasida 1967 yilda bosilgan. Mazkur hikoya o‘sha yilgi yosh ijodkorlarning «To‘yona» konkursida ikkinchi sovrinni olgan.

Shundan so‘ng yozuvchining «Gunafsha» (1981), «O‘g‘ildan sovg‘a keldi» (1984), «Olam nurga to‘ladi» (1987), «Kulishgani keldik», «Dilingda darding bo‘lsa», «Yostiqdek kitobdan uch sahifa» (1989), «Hayratlarga to‘la dunyo» (1995), «Qatortol tomonlarda» (2007), «Ajal xiyoboni» (Saylanma, 2008) singari hikoya va qissalari nashr etilgan. Shuningdek, u «Onaginam», «Yuk ko‘targan odam», «Gulliverlar», «Ayol kishining baxti» kabi qissa va hikoyalar asosida televizon va radiospektakllar muallifi hamdir.

Karel Chapek, Grin, Paustovskiy, Anor kabi adiblarning asarlarini rus va ingliz tillaridan o‘zbek tiliga tarjima kilgan.

2016 yil 4 dekabr kuni Toshkent shahrida vafot etgan.