Erkin Vohidov (1936-2016)
Vohidov Erkin Vohidovich (1936.28.12, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani — 2016.30.05, Toshkent) — shoir, dramaturg, jamoat arbobi. O‘zbekistan xalq shoiri (1987), O‘zbekiston Qahramoni (1999).
ToshDU filologiya fakultetini tugatgan (1960). «Yosh gvardiya» nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1960—63; 1975—82), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1963—70), direktor (1985— 87), «Yoshlik» jurnali bosh muharriri (1982-85) bo‘lib ishlagan.
Ilk she’riy to‘plami — «Tong nafasi» 1961 yilda nashr etilgan. «Qo‘shiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Muhabbat» (1976), «Kelajakka maktub» (1983), ikki jildli saylanma («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma», 1986), «Kuy avjida uzilmasin tor» (1991), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) asarlariga kirgan doston va she’rlarida zamondoshlarimiz hayoti, quvonch-iztiroblari to‘g‘risidagi haqiqat yuksak samimiyat va mahorat bilan tarannum etilgan.
Toshkent zilzilasi voqealari bilan bog‘liq «Palatkada yozilgan doston» (1966)da xalqning sabot-matonati, ruhiy olamining go‘zalligi, xalqlar do‘stligi ifodalangan. «Yoshlik devoni» (1969)da mumtoz adabiyotining eng yaxshi an’analarini davom ettirdi, ko‘hna g‘azalga yangi, zamonaviy ruh bag‘ishladi. 70-yillarning oxiri — 80-yillarning boshida hayotda ro‘y bergan o‘zgarishlar, yangilanishlar shoirning «Tirik sayyoralar» (1978), «Sharqiy qirg‘oq» (1982), «Bedorlik» (1985) kabi to‘plamlariga kirgan she’rlarida o‘z ifodasini topgan.
Erkin Vohidov she’riyatida 20-asrning 2-yarmining ma’naviy muhiti badiiy tahlil etiladi. Uning she’ri hayot go‘zalligi ma’rifatini kashf qilib boradi. Ziddiyatli, murakkab dunyoda insonning asil o‘rni va yashamoqning asil ma’no-mazmunini aniqlaydi. Erkin Vohidov she’riyatida inson shunisi bilan qimmatliki, u hayotning achchiq haqiqatlaridan, qarama-qarshiliklaridan, hayot dialektikasidan aslo ko‘z yummaydi, yuz o‘girmaydi, balki shu tinimsiz harakatdagi dialektika ichida hayot oqimiga, atrof muhitga, o‘zini qurshagan borliqqa dadil, matonat bilan faol ta’sir ko‘rsatishga intiladi. Shoirning she’riyatida davrning bezovta, izlovchan ruhi o‘ziga xos, takrorlanmas obrazlarda aks etadi. Iztirobli o‘ylar, o‘tkir publitsistik ruh, keskin kinoyali ohang bilan to‘liq yetuk asarlarida o‘z davrining adolatsiz tuzumidan norozilik, ijtimoiy turg‘unlik, egasizlik, qulchilik, mash’um yakka hukmronlik va makkorona ko‘rinishdagi istibdod nayranglariga qarshi isyonkor va tug‘yonli so‘zini aytadi. Millatning uyg‘onishi, o‘zini tanishi, ma’rifatli olamda boshqa ilg‘or xalqlar qatoridan o‘z tarixiy o‘rnini topishi uchun qayg‘uradi. Ozodlik, ziyolilik va haqiqat Erkin Vohidov ijodining yetakchi g‘oyalaridir. Bu jihatdan Erkin Vohidov Behbudiy, Cho‘lpon, Avloniy, Qodiriy singari ma’rifatparvarlarning 60-yillardagi ijodiy davomchisi sifatida maydonga chiqdi.
Erkin Vohidovning «Orzu chashmasi», «Nido» (1964), «Quyosh maskani» (1970), «Baxmal» (1974), «Ruhlar isyoni» (1978— 79), «Toshkent sadosi» (1983) kabi asarlari o‘zbek dostonchiligining yetuk namunalaridandir. «Ruhlar isyoni»da otashin bengal shoiri Nazrul Islom siymosi orqali vatan ozodligi va milliy istiqlol g‘oyalari tarannum etilgan. «O‘zbegim» qasidasi (1968) kommunistik mustabid tuzum davrida milliy uyg‘onishimizga barakali ta’sir ko‘rsatdi. «Donishqishloq latifalari» turkum she’riy asarlari sotsial satiraning yorqin namunasi bo‘lib, ularda xalqchil Matmusa siymosi orqali davr va hayotning ma’lum bir hodisalariga o‘tkir kulgili, hajviy munosabat bildirilgan.
O‘zbekiston milliy mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng mamlakatda boshlangan ma’naviy-ma’rifiy yuksalish davrida Erkin Vohidov she’riyatining ahamiyati yanada ortib, yorug‘ kelajakka ishonch, milliy qadriyatlarga hurmat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan yuksak ma’naviy omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Erkin Vohidov dramaturg sifatida ham elga tanilgan («Oltin devor», 1969; «Istanbul fojiasi», 1985; va b.). «Oltin devor» komediyasida turli komik holatlar tasvirlanadi, inson ruhiyatining turfa xil tovlanishlari yengil kulgi qilinadi, «Istanbul fojiasi»da asar qahramonlarining qismati davrning eng muhim voqealari — 2-jahon urushi, urushdan keyingi ijtimoiy-ma’naviy hayotdagi o‘zgarishlar, muammolar bilan bog‘liqlikda yorqin va ta’sirli ifodalangan.
Erkin Vohidovning «Shoiru she’ru shuur» (1987), «Iztirob» (1992) kitoblariga kirgan maqolalari, suhbatlari, mumtoz va hozirgi adabiyotimiz namoyandalari ijodini tahlil etuvchi tadqiqotlari o‘zbek publitsistikasi va adabiyotshunosligi rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
U I. Gyotening «Faust» asarini, S. Yeseninning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan. Bundan tashqari F. Shiller, Iqbol, Ulfat, R. Hamzatov, L. Ukrainka, A. Blok va boshqa turli xalqlar shoirlari asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Erkin Vohidov asarlari chet el (nemis, frantsuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab va b.) hamda qardosh turkiy xalqlar tillarida («Oltin devor», «Saylanma», «Nido» va b.) nashr etilgan. Asarlari («Oltin devor», «Istanbul fojiasi») Hamza teatri, viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan, «Oltin devor» komediyasi Pokistonning Laxor shahri teatrida qo‘yilgan.
Erkin Vohidov O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati (Oshkoralik masalalari qo‘mitasi raisi; 1990—95); 1995 yildan O‘zbekistan Oliy Majlisi deputati va Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Erkin Vohidov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (1997). Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983).