Home / Tarixiy obidalar / Samarqanddagi obidalar / Go`ri Amir maqbarasi

Go`ri Amir maqbarasi

Gori-Amir-maqbarasi

Go’ri Amir maqbarasi jahonga mashhur va O’rta Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etiladi. Maqbara qurilishi 1403 yilda Amir Temurning vorisi Muhammad Sultonning vafot etishi munosabati bilan boshlangan, Mirzo Ulug’bek davrida tugallangan hamda Amir Temur va temuriylar xilxonasiga aylantirilgan. Maqbara o’rta asr Samarqandining janubiy-sharqiy qismida, Temurning nabirasi MUhammad Sulton XIV asrning oxirida bino qildirgan ansambl qoshida tiklangan.
Muhammad Sulton 1403 yilda Kichik Osiyo sohillariga qilgan uzoq safaridan qaytib kelayotganda to’satdan kasal bo’lib vafot etadi. SHahzodaning jasadi Samarqandga olib kelinib, ansamblning janub tomnidagi ayvoni orqasidagi dahmaga dafn qilinadi. Amir Temur shahzodaga atab maqbara qurish haqida farmon beradi. Shundan keyin daxma ustiga sakkizyoqli bino quriladi. Shurq tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiy bu bino «osmon kabi baland gumbaz, devorlarining pastki qismi zarhal va lojuvard bilan bezatilgan marmar toshdan qilingan», deb ta’riflaydi. Lekin bu ishlarni Amir Temur oxiriga yetkazolmagan. U 1405 yilning boshlarida vafot etdi va Muhammad Sulton jasadi yoniga dafn qilindi.
Amir Temur vafotidan keyin taxt uchun o’zaro urushlar boshlanib ketib, maqbarani qurib tamomlashga xalaqit beradi. Mamlakat 1409 yildagina tinchiydi. Amir Temurning o’g’li Shohruh Mirzo Hirotni poytaxt qiladi. Mirzo Ulug’bekni esa Samarqand hokimi qilib tayinlaydi.
Amir Temurdan Mirzo Ulug’bekka juda ko’ boyliklar meros qoladi. Olimlar, hunarmandlar va rassomlar uning ixtiyoriga o’tadi. U mamlakatda madaniyat va qurilish ishlarini rivojlantirib yuboradi. Mirzo Ulug’bek buyuk bobosiga hurmat yuzasidan sakkizyoqli maqbarani temuriylar avlodi dafn qilinadigan maqbaraga aylantiradi. Maqbara bitgach, Amir Temurning ma’naviy ustozi Mirsayid Barakaning jasadi shu maqbaraga ko’chiriladi. Amir Temurning ma’naviy o’zi ustozining oyoq tomoniga dafn etiladi. Ba’zi rivoyatlarga qaragnda, Amir Temurning o’zi shunday vasiyat qilgan ekan. Binonnig ichi yangidan bezatiladi, maqbara sahniga daxmalar qo’yilib, atrofi nafis marmar toshdan panjara qilinadi. Maqbaraga 1424 yilda uning sharq tomoniga taqab qurilgan ko’p gumbazli galereyadan kiriladi.
Maqbarada Amir Temurning o’g’illari — Mironshoh va Shohruhlar ham dafn qilingan.
Maqbaraning g’arb va janub tomoniga yondosh qilib qurila boshlagan, lekin chala qolgan ulkan imoratlar Mirzo Ulug’bek hukmronligining so’nggi yillariga to’g’ri kelsa kerak.
1449 yilda siyosiy inqiroz natijasida Mirzo Ulug’bek vahshiyona o’ldiriladi. Buyuk astronomnnig jasadi Go’ri Amir maqbarasida dafn qilinadi.
Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, XVII asrda madrasa ishlab turgan, xonaqoh binosidan esa vayronalargina saqlangan. XVIII asrning 20 chi yillaridagi ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz davrida huvillab qolgan Muhammad Sulton madrasasi xarobaga aylana boshlaydi.
Muhammad Sulton madrasasi va xonaqohi unutilib ketgani uchun Samarqand yodgorliklarining dastlabki tadqiqotchilari uzoq vaqg’tgacha madrasa va xonaqoh tushgan joyni aniqlay olmagan edilar. Faqat XX asrning yarmidan boshlab qadimgi yodgorliklarni chuqur va har taraflama tadqiqot qilish imkoniyati tug’ildi. Arxeologiya qizilmalari o’tkazilishi natijasida yo’q bo’lib ketgan binolarning devorlari va poydevorlarining qoldiqlari topildi. Arxitektura-qidiruv ishlari binoning hajmini, konstruktsiyasi va ba’zi qismlarining bezaklarini chizmada aniqlash imkonini berdi. To’plangan materiallar planli restavratsiya ishlariga asos qilib olindi. Butunlay buzilib ketgan hovli devorlari qaytadan tiklandi. Natijada arxitektura majmuasidagi inshootlarning qay tartibda tushganligini aniqlash mumkin bo’ldi.
Bu nodir yodgorliklar haqida to’laroq tasavvur hosil qilish uchun hovli atrofidagi inshootlarni ko’zdan kechirib chiqish lozim. Tomoshabin yodgorlikni soatning yo’nalishida aylanib, majmuannig hamma qismlari bilan tanishgandan so’ng, peshtoqdan temuriylar maqbarasi Go’ri Amirga o’tadi.
Muhammad Sulton ansamblidan faqat peshtoqgina yaxshi saqlangan. BU peshtoq mohirlik bilan ishlangan bo’lib, turli-tuman koshinlari bilan devor fonida yaqqol ko’rinib tiuradi. Koshinlar orasiga binoni qurgan usta Muhammad binni Mahmud Isfahoniyning nomi jimjimador qilib yozib qo’yilgan. o’ishtin ustunlar bezagida «girih» deb ataluvchi geometrik shakllarga asoslanib, nafis qilib ishlangan kompozitsiya asosiy o’rinni egallaydi. Ravoqli, kungura devor guldor gilam qilib bezatilgan. Devorlarning to’q zangori, fonida chirmashib, gullab turgan o’simlikning rasmi tasvirlangan. Tokchadagi qubbalar mayda arkalar shaklida bir-biriga turli burchaklar bilan tutashgan muqarnaslar bilan ishlangan.
Hovlinnig sharq tomonidagi devor ortida Muhammad Sulton madrasasining qoldiqlari ko’rinib turadi. Chorsu hovlining atrofiga ikki qavatli hujralar tushgan. Hujralar boshqa madrasalardagi singari bo’yi uzun, eni tor bo’lib eshik burchaklarida gumbazli darsxonalar bo’lgan. Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan sirli bezaklar madrasaning juda ham chiroyli bo’lganligidan davlola beradi. Ganchdan ishlangan muqarnaslar gumbazdan boshlab devorga bir tekisda tushirilgan, uning ustiga gul solingan va zarhal, lojuvard koshinlardan hoshiya qilib izora yasalgan. Muhammad Sulton madrasasi O’rta Osiyoda saqlanib qolgan madrasalar ichida eng qadimiysidir.
Majmuaning janub tomonidan qaraganda, uning muhim qismi Go’ri Amir maqbarasining tashqi ko’rinishi yaqqol ko’rinib turadi. Ko’p qa birg’ali, bahaybat gumbazli tsilindr shaklidagi aylanalarini ko’tarib turgan sakkizyoqli prizma bino me’moriy kompozitsiyaningg asosini tashkil etadi. Maqbara devorlariga zangori, havo rang va oq sirli koshinlar qoplangan, bu koshinlar geometrik shaklda terilib, arabcha xit bitib, ustalik bilan ishlangan. Me’mor bir-biriga o’xshagan shakllardan foydalanib, binolarning katta sathlarini mohirlik bilan bezagan.
Maqbara hashamatli sakkiz qirrali asos ustiga qurilgan bo’lib, tashqi bezagi devorning marmarli izorasi tepasiga koshinlardan qiyalatib girih berilgan va ular orasida kufiy xatida Allohga aytilgan hamdu sanoni anglatuvchi «subhanollohu bihamdih va subhonollohul a’zim va bihamdih» degan duo yozilgan.
Gardish aylanasi bo’ylab ikki metr enlikda yozuv bo’lib, unda Qur’oni karimning «Mulk» surasi boshidan oxirigacha ustma-ust yozish uslubida bitilgan. Xonalarning ichki devorlari ham yirik hoshiyalarga ajratilib, mayda bezak naqshli yozuvlar bilan «Muhammad s.a.v. Alloh, Ali» so’zlari bitilgan.
Maqbaraga kiradigan uchta eshik hamda bitta mehrob bo’lib, bularning tepa va yon taraflarida gir aylantirib hadislardan juda nodir va sahihlari saralab yozilgandir. Ular quyidagidan iborat:
1. Kafa biddahri vo’izan va bilmavti mufriqan.
—Kishiga nasihat qilmoqqa zamonning o’zi kifoya qiladi. Uning ajramog’iga esa o’limning o’zi kifoya qiladi.
2. Ista’id lil-mavti qabla nuzulil-mavt.
—O’lim kelmasdan burun unga tayyorgarligingni ko’rib qo’y.
3. Mo min baytin min buyutillohi, yatluna kitoballohi va yadrisuna fima baynahum illa nuzila ladum raxmatun va g’oshiyaxum malaikatu va zikrollohu fimo indahum.
—Qur’oni Karim o’qilayotgan va o’rganilayotgan har bir uyga Allohning rahmati yog’iladi va Allohni zikr qilayotganlarni esa farishta o’rab turadi.
4. As-sultonu zillulohu fil arzi faman akramahu, akramahulloha va man ahonahu ahonahullohu.
—Podsho Allohnnig yerdagi soyasidurkim, uni hurmat qilgan kishini Alloh hurmat qiladi. Uni xorlaganni Alloh ham xorlaydi.
5. Al-muksitina indallohu alal-manobiri minan-nuri.
— Muksitlar (kamtar kishilar) Alloh huzurida nurdan bo’lgan minbarlarda o’tiradilar.
6. Allazina ya’diluna fi hukmin so’atan xayrun min ibodati sittina sana.
—Bir soatlik adolat oltmish yillik ibodatdan yaxshidur.
7. Va qola alayhissalomu uzkuru mahosina mavtokum va kaffu an masovihim.
—O’tganlarning yaxshi fazilatlarini zikr qilinglar, yomonliklarini gapirishdan esa saqlaninglar, degan yozuvlar bor.
Maqbara uzoqdan kumushsimon-havo rangga o’xshab ketadi. Faqat gumbaz biroz ko’kish bo’lib, jimillab aralib turadi. Binoga yaqinlashgan sari gumbazning sakkizyoqli qismida havo rang geometrik shakllar va gumbazni ushlab turadigan aylanmasi havo rangli yirik harflar bilan bir tartibda bitilgan yozuvlar aniq ko’rina boshlaydi. So’ngra girihning shaklini to’ldirib boradigan ko’k rangdagi satrlar va harflar orasida bir-biriga chirmashgnan jimjimalar ko’zga tashlanadi. Binoga yanada yaqinroq borilsa, uning arxitekturasi qanchalik ustalik bilan ishlanganligi hayratda qoldiradi. Darchalar tepasiga o’rnatilgan ajoyib koshinlar, maqbara poydevor qismi marmarida ishlangan nafis naqshlar diqqatni jalb etadi va go’yo bundan nafisroq bezak yaratib bo’lmaydigandek ko’rinadi. Ammo izora sharafasining miniat yurali ravoqchalarida zarhal bilan ishlangan shunday nafis bezaklar borki, ularni faqat juda mohirlik bilan ishlab, nodir asarlr qoldirganlar.
Maqbaraning tashqi tomonini bunyod qilganda gumbazga katta ahamiyat berilgan. Gumbaz ostki qismining aylanasi 15 metr, balandligi 12,5 metr bo’lsada, og’irligi sezilmaydi. Buning sababi shundaki, 64 qabirg’adan iborat gumbazning vazni ajoyib ishlangan sharafa orqali mustahkam asos-aylanmaga tushadi. Gumbazning rang-barang qilib ishlanishi katta ahamiyatga ega. Gumbazda havorang ko’proq ishlatilgani uchun bu rang gumbazning egri chiziqli qobirg’alarida tovlanib turadi, quyoshda charaqlab, go’yo osmonga qadalib turadi. Gumbazning usti sirli koshinlar bilan qoplangan.
SHarafalarida ham shunday koshinlardan hajmi bir-biriga mos qilib ishlangan chiroyli jimjimalar bor. Maqbaraning tashqi gumbazi yodgorlikning tashqi qiyofasi yanada salobatli bo’lishi uchun ichki gumbaz ustiga o’rnatilgan.
Maqbaraning janub tomonidagi qirrasiga galereyaning qoldiqlari taqalib turibdi. Bu galereya taxminan XV asrlarda solingan binolar tarkibiga kirgan. Shu yerda katta kompleks qurilishi bilan Go’ri Amir ham o’z-o’zidan shu kompleksga kirib qolgan. Maqbaraning janub tomonidagi daxma ham shular qatoriga kiradi.
Ma’lumki, Amir Temur tug’ilgan shahri — Shahrisabzda o’ziga atab hashamatli bino qurdirgan va marmartoshdan sag’ana yasatgan. Amir Temur to’satdan vafot etgandan keyin shunday siyosiy vaziyat vujudga keldiki, uning jasadi Samarqanddagi nabirasi uchun solingan maqbaraga dafn etildi. Shuning uchun Shahrisabzda toshdan tayyorlangan daxma ustiga buyuk Amir Temurning nomi yozilgan plita o’rnaitlmagan. Mirzo Ulug’bek bobosiga taqlid qilib, Go’ri Amir maqbarasi yonida zodagonlarni dafn etish uchun katta qurilish ishlarini boshlab yuborgan, deyishga asos bor. Maqbaradagi daxma chiroyliligi jihatidan Shahrisabzda Temur qurdirgan daxmadan qolishmaydi. Biroq, Mirzo Ulug’bek vahshiyona o’ldirilishi bilan majmuadagi ishlar to’xtalib, maqbara huvillab qoldi. Mirzo Ulug’bekning jasadi Go’ri Amirda — bobosi yoniga qo’yildi.
Galereya zallarining shaklini devorlar qoldig’idan, devorga ishlangan bezaklarni esa sharafa parchalaridan bilsa bo’ladi. Inshootning qanchalik katta bo’lganligini uning g’arb tomonida bitmay qolgan majmuaga qarab aniqlash mumkin. kattakon zaldan uni to’rt tomonga qaonlardir qo’yilgan to’rtta ravog’idan bittasigina saqlanib qolgan. Eni 10 metrlik ravoqning ikki tomonidan yo’lak o’tgan. Yo’lakning shimol tomonidan qo’sh gumbazli ikki qavatli binga, janub tomondan esa galereyaga kiriladi. Go’ri Amir maqbarasi va daxmasiga shu galereyadan o’tiladi. Demak, maqbara atrofi binolar bilan o’ralgan ekan.
Muhammad Sulton xonaqohi va madrasasidan devor qoldiqlari va koshin parchalarigina saqlangan. Lekin bu qoldiqlar ham asrlar bo’yi pinhon bo’lib kelgan inshoot sirini bilishga imkon berdi. Xonaqoh o’rtasida katta gumbazli keng zal, zalning atrofida ikki qavatli, biridan ikkinchisiga o’tiladigan xonalar bo’lgan, bu xonalarning ba’zilarida kishilar yashagan, ba’zilari qaznoq bo’lgan.
Hovli atrofini o’rab turgan devorlar ikki qavatli bezakli ravoqlarga bo’lingan. Ravoqlar bo’yining baland-past, enining esa turlicha bo’lishi va ranglarning joy-joyida ishlatilishi o’ziga xos manzara kasb etgan. Ravoqnnig ko’pchiligi sayqal berilgan g’ishtlar, uning tepa tomonlari turli-tuman o’simliklarni tasvir etuvchi zangori koshinlar bilan qoplangan. O’rtadagi ayvonlarni bezatishga alohida e’tibor berilgan. Janub tomondagi ayvon devorida saqlanib qolgan bezak parchalari uning qanday go’zal bo’lganligi haqida aniq tasavvur bera oladi. Keyinchalik ganch bilan shuvab yuborilgan devorlar qadimda turli-tuman rangli koshinlar bilan qoplangan. Hovli tomondagi old devorning tepasida arabcha xatlar bitilgan keng belbog’ bor. Hovlining tashqi burchaklarida to’rt minoralar bo’lgan. Yuqoriga ko’tarilgan sari ingichkalashib borgan minora Registon maydonidagi Ulug’bek madrasasi minoralari kabi sharafa bilan bezatilgan. Ostki va ustki qismi har xil aylanmaga ega bo’lgan minoralarga koshinlar qoplash texnikasi kishini hayratda qoldiradi.
Minoraning asosi bilan tepasi orasidagi tafovut koshin plitalar terishda ustalik bilan bartaraf qilingan. Koshinlar har bir qatoriga bir xil miqdorda koshin plitalar terilgan holda, ular orasidagi choklar yuqoriga ko’tarilgan sari torayib boradi va tepasiga yetib tugaydi.
Ulug’bek davrida maqbaraga kirish uchun qurilgan eshikning yoni va tepalari nafis bezatilgan. Ilgari eshik tepasida: «Bu shavkatli Amir Temurning qabri…» deb yozilgan koshinli lavha bo’lgan (bu plita hozir Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida saqlanadi). Maqbaraga qator gumbazli galereyadan o’tib kiriladi. Bu galereyaning hovli tomonidagi devori va ba’zi gumbazlari ikki martaba qaytadan ishlangan. Devorlarida saqlanib qolgan bezak qoldiqlari galereyaning ichi chiroyli bo’lganligini ko’rsatadi. Galereyaning havo rangdagi olti qirrali izorasi oq devorga solingan yashil naqshlar bilan bir-biriga juda mos tushgan.
Galereyadan o’tib, Temuriylar maqbarasiga kiriladi. U keng va baland zal bo’lib, to’rttala devorida ham havo rangli taxman bor. Maqbaraning ichi juda aniq rejalangan. Keng belbog’ shaklida yozilgan arabcha xatlar izora, devorlar, ichki va tashqi gumbazning tayanchi bo’lgan ravoqli konstruktsiyalar yarusini ajratib turadi.
Maqbara g’oyatda nafis bezatilgan. Devorning pastki qismida ko’kimtir shaffof oniks toshidan ishlangan izora bor. Oniksning choklari ko’kimtir toshlar terib bezatilgan. Izora ustiga ishlangan rang-barang panno xuddi zar aralashtirib to’kilgan gilamga o’xshaydi. Gumbazning ichi, kunjak yaruslari har turli shakllarda bir necha qavat ipak qog’ozdan bo’rttirib ishlangan naqshlar bilan bezatilgan, bu naqshlar gumbazning yuqorisiga ko’tarilgan sari torayib boradi. Ularga zarhal berilgan va mayda gullar solib naqshlangan. Bo’rttirib ishlangan ipak qog’oz oralaridan ko’rinib turgan ganch suvoq mayda jimjimadek goh zangori, goh oq bo’lib miltirab ko’rinadi.
Maqbaraga rangdor oynalar solingan panjarali darchadan yorug’lik tushadi. SHu oynalardan o’tib tushgan quyosh nuridan maqbara ichi rang-barang tovlanib turadi.
Maqbaraning bezagida O’rta Sharq ustalari erishgan yuksak san’ati namoyish qilinib, mahalliy an’analarga moslab ishlangan.
Maqbaraning o’rtasiga o’rnatilgan sag’analar ustida Temuriylarga bag’ishlangan yozuvlar bor. SHular orasida Temurning qabri ustiga qo’yilgan to’q yashil rangli nefrit tosh diqqatni o’ziga jalb etadi. Bu toshning qaerdan olib kelinganligi, mustahkamligi va benihoya qimmatliligi haqidaqancha-qancha afsonalar to’qilgan. Ulug’bek 1425 yilda mo’g’ullar ustidan g’alaba qozonganda qo’lga kiritilgan o’ljalar ichida ikki bo’lak nefrit ham bo’lgan. SHu ikkala toshni yaxshilab ishlab, bir-biriga ulab, Amir Temur qabri ustiga qo’yilgan.
1740 yilda Eron shohi Nodirshoh Buxoro xonligini zabt etgan vaqtida (o’sha vaqtda Samarqand Buxoro xonligiga qarar edi) Amir Temur qabri ustidagi toshni Mashhadga olib borishga buyruq bergan. Lekin shakkok bo’lishdan cho’chigan Nodirshoh bu niyatidan qaytgan va o’sha zamon uchun uzoq va qiyin bo’lgan safarlardan keyin toshni yana qaytadan joyiga keltirib qo’ydirgan.
Maqbara Temurning ko’rsatmasiga binoan ikki qavatli qilib qurilgan. Maqbaraning birinchi qavatida ziyoratgoh, pastki qismida esa yer ostidagi haqiqiy daxmalar joylashgan. Uning shipi o’n ikki qirrali gumbaz qilib qiya ishlangan, ichki bezaklari juda sodda. Temuriylarga qo’yilgan sag’analar yuqori qavatda qanday tartibda bo’lsa, bu yerda ham shu tartibda. Har qaysi qabr usti marmar-tosh bilan qoplangan.
1941 yilda temuriylarning qabri maxsus komissiya tomonidan ochilgan edi. Tobutda Amir Temurning bir necha qavat mato va bir qavat kimxob bilan o’ralgan suyagi yotgan, boshi qiblaga qaratilgan, qo’llari to’g’rilangan, panjalari yoyilgan. XVI asrda katta imperiyaning asoschisi, nomi olamning yarmini larzaga keltirgan ulug’ Amir Temurning qiyofasi haqidagi tarixiy ma’lumot, Ulug’bekning fojiali o’ldirilishi va boshqa temuriylarning dafn etilishi haqiqiyligi tasdiqlandi. Shuningdek, komissiya boshqa temuriylar qabrlarini ham ochib, chuqur ilmiy-tadqiqot ishlari o’tkazildi.
1994-1996 yillar maqbarada katta hajmdagi ta’mir-tiklash ishlari amalga oshirildi.

http://economical.uz/

About Jahongir

Boshqalar

Vobkent minorasi

Vobkent minorasi Vobkent minorasi — Buxoro viloyati Vobkent shaxridagi meʼmoriy yodgorlik (12-a.). Oʻn ikki qirrali ...

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.