CHANG

CHANG

chang

Yozma manbaalarga ko`ra XV, XVII asrlardan boshlab «chang» sozi musiqa hayotimizda ma’lum o`rin egallay boshlagan. Ungacha esa «chang» iborasi o`zbek hamda tojik musiqa madaniyatida butunlay o`zga soz, tirnab chalinadigan zamonaviy yevropacha arfaning bizda keng ishlatilgan qadimiy kichik hajmdagi namunasini anglatadi. Jumladan Alisher Navoiyning buyuk asari «Xamsa»ning «Sabbai sayyo`r» dostonidagi «chang» iborasi ham arfa tusidagi cholg`u sozini aniqrog`i qo`l arfasini anglatgan bo`lib, uning mohir ijrochilari sifatida Dilorom kabi ayol obrazlari tasvirlangani ham bejiz bo`lmagan. O`sha davrlarga xos arfasimon chang deyarli xotin-qizlarga mansub cholg`ulardan biri sifatida hatto, eramizdan oldingi asrlardayoq ishlatilgan. Ammo XVII asrlardan keyin bu qo`l arfasi ijrochilikdan chiqa boshlagan va o`rnini o`zga soz — mazsus tayoqchalar bilan urib chalinadigan trapetciya shaklida chang cholg`u asbobi egalladi.
XVII asrda yashab ijod qilgan Darvish Ali Changiyning risolasida musiqa nazariyasi haqidagina to`xtalib o`tmasdan, turli davr ijrochilari va saroy qoshida keng tarqalgan musiqa sozlaridan bo`lgan tanbur, chang, nay va qonun haqida ham to`xtalib o`tadi.
U sozlarni bir-biriga taqqoslab changni «sozlarning kelinchagi» deb ataydi.
Darvish Ali — ibn Mirzo Ali-ibn Xo`ja Mahmud — Marvarid shu sozning mohir ijrochisi edi. U yoshligidan changga mehr qo`ydi va keyinchalik shuhrat qozondi. Shu davrning yana bir mohir changchisi — Mavlono Zaynuliddin Rumiy edi.
Darvish Alining ta’kidlashicha, u juda ko`p peshrav va kuylar ijod qilgan. Ulardan eng ko`zga ko`rinarlisi 3 ta peshrav edi:
Birinchisi: Ehson. Husayniy maqomining pardalarini o`z ichiga oladi.
Ikkinchisi: Soqil. Iroq maqomi pardalari asosida ijod qilingan.
Uchunchisi: Peshravi-ufor. Husayniy maqomining xonalaridan tarkib topgan.
Yana Darvish Ali Changiy qadimda (changni) kelib chiqishi haqida shunday yozadi: chang qadimiy soz bo`lib, Mesopotamiyadan tortib, to Xitoygacha bo`lgan juda katta hududda ishlatilgan. Buxoroda (XVI asr) Shayboniylardan bo`lgan Abdullaxonning zamondoshi Xo`jai Kalon (Buyuk Xo`ja, Shayx Xo`ja Sa’d) og`ir dardga giriftor bo`ladi. Tabib Sulton Muhammad uni davolab, kasalni yengishda chang mashqlarini eshitishni tavsiya etadi. Xo`ja Sa’d Darvish Alini huzuriga chorlaydi. Darvish Ali uch oy davomida Sa’d qoshida chang chaladi. Xo`ja butunlay tuzalib ketadi.
Qadimda buyuk Nushiravon zamonida (531-579) mashhur changchi Piri Changchi yashagan. Eron arablar qo`liga o`tadi, undan keyin xalifa Umar Eron musiqasini ta’qib ostiga oladi. Piri Changchi o`zini hech kimga keragi yo`qligidan xafa bo`lib, Madinaga Yasrab qabrini ziyorat qilgani boradi. U o`z yoniga changni qo`yib, nola qila boshlaydi: «Men doimo sen uchun chaldim, endi meni ta’qib ostiga olishgani uchun seni oldingga oxirgi marta chalish uchun keldim. Bir narsani sendan so`rayman, ipak torlarimgagina haq berishsa», yig`lab va qattiq oh urib o`zini oxirgi mashqini ijro etadi. Changni boshiga qo`yib uxlab qoladi. Shu vaqt halifa Umarga g`oyibdan ovoz keladi: «Bizning bir do`stimiz bor, u Yasrabning qabri (ustida) yonida. Ul kimsaga xazinadan 700 dinor olib borib ber. Yana zoriqsa yana tashrif buyursin». Umar 700 dinorni olib yasrab qabriga boradi. U yerda Piri Changiydan boshqa kimsa yo`q edi. U hayron bo`lib tursa, Changiy uyg`onib qoladi. Umar unga 700 dinorni beradi va aytadi: «Alloh seni o`ziga do`st deb bilibdi, men ham sening do`stingman. Boshingga mushkil ish tushsa qoshimga kelgin. «Sening soz chertishing Egamni o`ziga rom etdi» — deydi. Bu voqea to`g`risida taniqli fors shoiri Jaloliddin Rumiy (1273 yil) ham she’rlar yozgan.

http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.