O'ZBEK ZIYOLILARI

Miyon Buzruk Solihov (1891-1938)

Miyon Buzruk Solihov (1891-1938)

Miyon Buzruk Solihov (1891 — Toshkentning Qashqarcha mahallasi — 1938.4.10) — adabiyotshunos, folklorshunos va san’atshunos olim. Istanbul universitetini tugatgan (1927). O‘zbekistonga qaytgach (1927), O‘rta Osiyo universiteti sharq fakuletida o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan (1927—31).

Tojikiston davlat maorif institutida o‘qituvchi (1931—32), O‘zbekiston Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot instituti (1932—33) va O‘zbekiston Fan qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida (1934—35) ilmiy xodim, Toshkent pedagogika instituti, SamDU (1936) va Buxoro pedagogika institutida (1936, apr.) o‘qituvchilik qilgan.

Miyon Buzruk Solihov turli yillarda Izzat Sulton, Hamid Sulaymon, Imomxon Husanxo‘jayev. Mumtoz Muhamedov, Shuhrat kabi yoshlarga o‘zbek va Sharq adabiyoti tarixidan lektsiyalar o‘qiydi. Professor Fitrat, Ye. D. Polivanov, G‘ozi Olim Yunusov, Abdulla Avloniy, ilmiy xodimlardan Qayum Ramazon, Shorasul Zunnun, Ulug‘ Tursunov, tarjimonlardan L. Sotserdotova va boshqalar bilan hamkorlikda ishlaydi, adabiyot, teatrimiz tarixi, folklor va etnografiya, o‘zbek tili va tarjima muammolariga bag‘ishlangan «O‘zbek», «Bedil» (1928 yil), «Mehrobdan chayon» haqida» (1929 yil), «O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash» (1930 yil), «Oktyabrgacha bo‘lgan o‘zbek folklori», «So‘fizoda va uning ijodi haqida» (1934 yil), «O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar» (1935 yil) kabi asarlar e’lon qilgan.

O‘zbekiston Fanla akademiyasi arxivi materiallari ma’lumotlariga ko‘ra, Miyon Buzruk tojik sovet adabiyotining asoschisi Sadriddin Ayniy ijodi bo‘yicha ham tadqiqot olib borgan, «Doxunda» romanini tojik tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Roman 1932 yil Toshkentda nashr etilgan.

Miyon Buzruk Solihov 1937 yil 7 avgustda hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrda «xalq dushmani» sifatida otib tashlangan.