Nuh ibn Asad
(? – 842)
(819-842)
Somoniylardan bo‘lgan Samarqand hokimi. Tohiriylardan Abdulla ibn Tohir bilan birga xalifalikdan mustaqil siyosat yurgazishga intilgan, Istaxriy va Ibn Havqallarning yozishicha, xalifa Mu’tasim (833-842) bundan norozi bo‘lib Abdulla ibn Tohirga noma yuborib, uni koyigan. Abdulla bu xatni Samarqandga jo‘natgan. Nuh ibn Asad o‘zining javobida Movarounnahrda 300 ming qishloq borligini, har bir qishloq bitta sarboz va bitta navkar berishga qodir ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. Bu bilan u xalifadan qo‘rqish kerak emasligi, chunki faqat Movarounnahrning o‘zigina 600 ming sarboz va navkardan iborat qo‘shin to‘play olishini bildirgan. Bu davrda ko‘chmanchi turkiy qabilalar Shoshga ko‘p hujum qilib turardi. Shosh Yah’yo ibn Asad ixtiyorida edi. Uning iltimosiga ko‘ra, Nuh ibn Asad 840 yil Isfijobning turkiy qabilalaridan bo‘lgan hokimiga qarshi qo‘shin tortgan. Bu urush Nuh ibn Asadning g‘alabasi bilan tugagan. Balozuriyning yozishicha, bu vaqtda Nuh ibn Asad ekinzorlar, tokzorlar, bog‘lar, qishloqlar va shaharlarni ko‘chmanchilarning hujumidan saqlaydigan katta mustahkam devor qurishni buyurgan.