HUKMDORLAR

Sultonshoh Xorazmshoh

Sultonshoh Xorazmshoh

Sultonshoh Mahmud, Jaloliddin Mahmud Sultonshoh

(? – 1193 yil, 19 sentyabr)

(1172-1193)

Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazmshohlar davlati shahzodasi. Elarslon va Turkon xotunning kenja o‘g‘li. Sultonshohning akasi Takash Jand viloyatida voliy bo‘lib turgani uchun otasi o‘limi oldidan Sultonshohni valiahd etib tayinlagan. Ammo, davlat va harbiy ishlarga uning onasi Turkon xotun bosh bo‘lgan. Takash Sultonshohga bo‘ysunishdan bosh tortgan, u qoraxitoylar yordamida Gurganjga qo‘shin tortgan. Sultonshoh onasi bilan Nishopurga qochib borib, Muayyid ad-davla Oy-Abo huzuridan panoh topgan.

1172 yil 11-dekabrda Takash rasman Xorazm taxtiga o‘tirgan, biroq Sultonshoh bilan Takash o‘rtasidagi kurash yana 20 yil davom etgan. Sultonshoh Xurosondagi bir qancha viloyat, shaharlarni egallab, Marv shahrini o‘ziga qarorgoh qilgan. U Takashga qarshi kurashda goh qoraxitoylardan, goh quriylardan ko‘mak olib turgan.