Home / TARIXIY OBIDALAR / TOSHKENTDAGI OBIDALAR / Shayx Zayniddin buva maqbarasi

Shayx Zayniddin buva maqbarasi

Toshkent shahar Shayxontohur tumani
Mannon Uyg’ur ko’chasi 378-uyda joylashgan
«Shayx Zayniddin» jome’ masjidi haqida
 
MA’LUMOT
 Shayx-Zayniddin-maqbarasi
«Shayx Zayniddin» jome’ masjidi Mannon Uyg’ur ko’chasi 378-uyda joylashgan bo’lib, «Ko’kcha» mahallasi hududidadir. «Shayx Zayniddin ota» qabristoni va masjid taxminan 700 yillik tarixga ega. Professor Omonulla Fayzullaevning Shayx Zayniddin boboning tarixini o’rganish bo’yicha xulosasiga qaraganda, u zotning to’liq nomi Shayx Zayniddin Ko’yi Orifoni Toshkandiy ibn Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suhravardiy bo’lib, 1164 yilda tug’ilgan va 1259 yilda 95 yoshida vafot etgan. Otasi Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suxravardiy Iroq mamlakatining Xorazmshoh davlatidagi elchisi bo’lib, 25 yil xizmat qilgan. Shayx Zayniddin bobo shu davrda Xorazmdan Toshkentga kelib qolgan. Shayx Zayniddin bobo Toshkentga yaqinlashganida, shaharning Ko’kcha darvozasidan bir necha chaqirim narida tuya to’xtab cho’kadi. Shayx Zayniddin boboning maskaniga aylangan ushbu joy, keyinchalik, Ko’kcha dahasiga aylanadi va Orifon qishlog’i paydo bo’ladi. So’ngra bu erda Hazrati Shayx Zayniddin bobo dafn etilib, «Shayx Zayniddin bobo» qabristoniga aylanadi. Qabriston Toshkentning g’arbiy qismida. Maydoni 8-9 ga. Bu qabriston 19-asrda shahardagi eng yirik qabristonlardan biri bo’lgan. O’sha davrda u erda faqat chillaxona va hujralar, keyinchalik masjid qurilgan. U zotning o’limidan 132 yil keyin Sohibqiron Amir Temurning Shayx Zayniddin bobo qabri ziyorati natijasida ul zotga ixlos va hurmat ko’rsatib maqbara qurdirgan. Maqbara shu kungacha bir necha bor ta’mirlangan. Maqbaraning orqa tomonida «Chillaxona» – sakkiz tomonli, yuqorisi gumbaz sifatli bino qad ko’tarib turibdi. Salohiddin ibn Aloiddin Toshkandiyning «Temurnoma» kitobida shunday deyiladi: «Amir Sohibqiron Turkiston ichra qabri shariflarga marqad ko’tarib, imorati oliy qurib, qancha erlarni vaqf qilib, andin keyin yana Hazrat Zayniddin Ko’yi Orifonga Kaykovus suvidan nahri azim chiqarib, qul-cho’ri birla nazr etib, qabrlari uzra gumbaz ko’tarib, andin keyin Zangi otani muborak qabrlarini bino qildilar».
«Sirli olam» jurnalining 1998 yil avgust sonida Qahramon Nazarov tomonidan e’lon qilingan «Shayx Zayniddin Ko’yi Orifon hazratlari» va «Toshkent oqshomi»gazetasining 1998 yil sentyabr sonida Professor Omonulla Fayzullaev tomonidan e’lon qilingan «Shayx Zayniddin bobo Toshkandiy haqida» maqolalari bilan tanishgan kishi Shayx Zayniddin boboning nafaqat tariqat murshidi, balki falakiyot ilmining bilimdoni va er osti yo’li qurilishining muhandisi ekanligi haqida ham to’liqroq ma’lumotga ega bo’lish mumkin.
O’zbekiston Musulmonlari Idorasiga qarashli «Shayx Zayniddin» jome’ masjidi «Shayx Zayniddin» maqbarasi yonida joylashgani uchun, masjid 1943 yilda ochilgandan buyon shu nom bilan ataladi. Xalq tilida «Ko’kcha», jome’ «Shayx Zayniddin buva» nomlari bilan yuritiladi. Masjid yonida 40-o’rta maktab, «Ko’kcha» qabristoni, 8-tramvay va 53, 46-avtobuslarning «Ko’kcha»bekati joylashgan. Masjidning qadimiy binosi 19-asrning oxirida qurilgani, masjid hovlisidan o’tgan anhor suvining ta’siri va Toshkent zilzilasining oqibatida yaroqsiz holga kelgani uchun masjid jamoasi uni qayta qurish uchun 1994 yil Toshkent shahar hokimligiga murojaat qildilar.
Toshkent shahar hokimining 19.10.1995 y. 739-f sonli farmoyishi bilan masjid qurilishi uchun 0,45 g, avtomashinalar uchun 0,30 g. er ajratilgan. Masjid binosi 1995-1997 yillarda Makkalik yurtdoshlarimizning hadya mablag’i hisobidan mustaqillik sharofati bilan yangi zamonaviy bino sifatida butunlay qayta qurilgan. Minora gumbazli, masjid binosi 6000 namozxonga mo’ljallangan bo’lib, ikki yoni ikki qavatli xonaqoh, erto’la, romli ayvon, tahoratxona, talabalar uchun yotoqxona, oshxona, mutavalli va imomlar xonasidan iborat. Tahoratxonada issiq, sovuq suv mavjud, kanalizatsiya ulangan. Xonaqohga o’rnatilgan maxsus uskuna vositasi bilan yozda salqin, qishda esa issiq bo’ladi.Masjid 04.08.1998 yil № 2 raqam bilan qayta ro’yxatdan o’tgan.
Mustaqilligimizning 20 yillik bayrami arafasida masjid binosining ichki qismi kapital ta’mirdan chiqarildi. Ta’mir jarayonida masjid intereri uchun xos bo’lgan xattotlik san’ati, ganch va yog’och o’ymakorlik ishlari keng qo’llanildi.
ISTIQLOL TUHFASI
Ko’pni ko’rgan nuroniy otaxonlaru duolarda mo’l bo’lgan halimgina momolarning guvoxligi haqiqatki, “kecha va bugun” orasidagi tariximiz kelajak avlodlarga armug’on bo’lca ajab emas.
Tarixni bugungi kun bilan qiyoslab fikr yuritish Allohga shukr qilishga undaydigan xulosadir. Bu esa, bugunning yutug’i haqida ko’plab gapirsa arziydi, deganidir. Sobiq ittifoq davrida mana bunday masjidlarni to’ldirib, yoshu qarilar emin erkin ibodatlarini ado etishlari qayoqda edi. Mustaqillikka erishuvimiz sababli ko’p sohalarda ijobiy o’zgarishlar bo’lgani kabi din sohasida ham ulkan yutuqlarga erishildi. Diniy ta’lim muassasalari faoliyatiga katta e’tibor berildi. Diniy adabiyotlar, jurnallar nashri va diniy-ma’rifiy ko’rsatuvlarning muntazam olib borilishi, shuningdek ta’mirga muxtoj yoki yoroqsiz holatga kelgan masjid binolarini ta’mirlash yoki qaytadan qurishga imtiyozlar berildi. Allomalarimiz, o’tmishda o’tgan aziz avliyolar maqbaralari bugungi kunda ta’mirlanib, ko’rkam holatga keltirildi. Jumladan “Shayx Zayniddin buva” maqbarasi va shu nom bilan yuritiladigan jome’ masjidi haqida ko’plab misollar keltirish mumkin.
Masjidning qadimiy binosi XIX asrning oxirida qurilgan. Mustaqillikkacha bo’lgan davr mobaynida bir necha marta qayta ta’mirlanib, faoliyat yuritib kelgan. Keyingi yillarda xonaqoh juda ayanchli ahvolga kelib qolgani, zilzila va yomg’ir suvlari ta’sirida bino devorlarida yoriqlar paydo bo’lgan edi.
1995-1997 yillarda “Shayx Zayniddin buva” masjidi binosi butunlay qayta qurildi. Ko’kka bo’y cho’zib turadigan osmono’par minora va mahobatli gumbazni boshida ko’tarib turgan ko’rkam xonaqoh qurib bitkazildi. Masjid binosi 6000 namozxonga mo’ljallangan bo’lib, ikki qanoti ikki qavatli xonaqoh, romli ayvon, tahoratxona, oshxona, mutavalli va imom-xatib xonasidan iborat bir qancha qulayliklar yaratildi.
Ko’kcha daxasidan o’tgan kishi ulug’vor qubbayu osmono’par minoraga bir nigoh tashlaydi. Bu ikkisining yonma-yon turishini ko’rgan kishi ulug’vorlik va poklik insoniyatning qon tomirida borligini anglaydi va ular sari intiladi. Haqiqatan ham masjid-xonaqox poklik ramzi bo’lib kelgan. Bunday ramzlar yurtimizning ko’plab joylarida uchraydi. Shahrimizning Ko’kcha dahasidagi bu inshootning aynan “Shayx Zayniddin buva” nomi bilan atalishi bejiz emaski, yonginasida joylashgan mahobatli maqbaraning tarix haqida so’ylashi, Shayx Zayniddin buva qabrini ihota qilib turganidan darak beradi. Uning atrofidagi qabriston esa, bu valiy zotga Alloh bergan nurdan baxra olmoqqa shaydek go’yo.
Shayx Zayniddin buvaning otasi bag’dodlik mashhur so’fiy, suhravardiya tariqatining rahnamolaridan sanalgan shayx Shahobiddin Suhravardiy (1145-1235) bo’lgan. Tarixdan ma’lumki, shayx Shahobiddin 1215 yili Muhammad Xorazmshoh huzuriga Bag’dod xalifasi Nosirning (1180-1225) elchisi sifatida kelgan. Shayx Zayniddin otasi ta’limotini Toshkentda keng targ’ib etgan. Uni shayx Zayniddin Kuyi Orifoniy deb ulug’lashadi. Uning vafotidan so’ng, qabri ziyoratgohga aylanib, atrofi Orifon deb nom olgan qishloqqa aylangan (XSh asr). XIV asrning 90-yillarida Amir Temur Toshkentda bo’lganida qabr ustiga maqbara qurdirgan. XVI asrda uning atrofida Orifon mahallasi bunyod etilgan bo’lib, u shahar tashqarisida joylashgan. Bu mahalla XIX asrda Shayx Zayniddin buva, keyinchalik Ko’kcha deb nom olgan. Bu atama “Koxcha”, ya’ni “Qal’acha” so’zidan kelib chiqqan bo’lib VI-XI- asr arxeologik yodgorligi bilan bog’liq Ko’kcha Oqtepaga nisbatan aytilgan.
Ko’kcha aholisi, asosan, ko’nchilik bilan shug’ullangan. Arxiv ma’lumotlariga ko’ra, 1871 yilda dahadagi 695 ustaxonadan 341 tasi ko’nteri, 218 tasi kosibchilik ustaxonasi bo’lgan. Ko’kchada 7 ta xumdon, 22 ta tegirmon, 22 ta objuvoz, 34 ta maktab, 4 ta madrasa (Eshon Bo’rixo’ja Saqichmoniy, Shukurxon, Hofiz Ko’hakiy, Sharafiboy), 60 ta masjid, 14 ta qadamjo-mozorlar (Langar ota, Yalang’och ota, Vaqqos ota, Qo’ychi mozor va h.k.) bo’lib, shundan eng mashhuri Shayx Zayniddin buva maqbarasi hisoblanadi.
Istiqlolimiz sharofati bilan bu maqbara va masjidning bugungi kundagi mahobati nafaqat yurtimizdan balki, dunyoning turli o’lkalaridan kelgan mehmonlarning ham diqqat e’tiborini tortmoqda.
http://economical.uz/

Fikr bildirish

E-mail manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi. Majburiy bo'limlar belgilangan *

Time limit is exhausted. Please reload the CAPTCHA.