O'ZBEK ZIYOLILARI

Uchqun Nazarov (1934-2016)

Uchqun Nazarov (1934-2016)

Yozuvchi, kinodramaturg va kinorejissyor Uchqun Nazarov 1934 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomchilik institutining rejissyorlik bo‘limida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini Qo‘qon shahridagi Hamza nomli drama teatrining bosh rejissyori sifatida boshlab, keyin kinorejissura bilan shug‘ullangan.

U dastlab «Odamlar» (1961) hikoyasi bilan kitobxonlarga tanilgan. Abdulla Qahhor o‘sha yillarda O‘lmas Umarbekovning «Boboyong‘oq» hikoyasi bilan Uchqun Nazarovning «Odamlar» hikoyasini yoshlarning eng yaxshi asarlari qatoriga qo‘shgan edi. Shundan buyon, Uchqun Nazarovning «G‘urur» (1965), «Jur’at» (1977), «Sadoqat» (1965) nomli hikoya va qissalaridan iborat to‘plamlari chop etildi. Uchqun Nazarov «Iqror», «Odamlar», «G‘urur» kabi hikoyalari bilan kitobxonlar ommasiga manzur bo‘lgan. Uning yirik asari — «Chayon yili» romani ham o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi.

Uchqun Nazarov bir qancha sahna asarlari ham yaratgan bo‘lib, uning «Oyna» dramasi (1977) Hamza nomli akademik drama teatrida muallif tomonidan sahnalashtirilgan.

U kinorejissyor, kinostsenarist sifatida ham barakali ijod qilgan. Uning «Surayyo», «Qiz va yigit», «Shiddat», «Alangali sohil» va uch bo‘limdan iborat «Qo‘qon voqeasi» kabi badiiy filmlari tomoshabinlar e’tiborini qozongan. So‘nggi filmi uchun unga 1977 yilda Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist hamdir.

Uchqun Nazarov 2016 yil 17 iyun kuni Toshkentda vafot etdi.