O'ZBEK ZIYOLILARI

Yahyo G‘ulomov (1908-1977)

Yahyo G‘ulomov (1908-1977)

G‘ulomov Yahyo G‘ulomovich (1908.1.5 — Toshkent — 1977.10.1) — tarixchi-arxeolog olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1958), tarix fanlari doktori (1950), professor (1955).

Toshkentdagi O‘zbekiston erlar bilim yurti (inpros)ni (1926), Samarqanddagi O‘zbekiston Pedagogika akademiyasini (1930) tugatgan. Toshkent pedagogika texnikumida o‘qituvchi (1931—32).

Ilmiy faoliyati 1933 yildan boshlangan. O‘zbekistonning qad. va san’at yodgorliklarini muhofaza qilish komiteti (Uzkomstaris)da ilmiy xodim, ilmiy kotib (1933—40). SSSR Fanlar akademiyasi O‘zbekiston filiali, Tarix, til va adabiyot instituti arxeologiya bo‘limi mudiri (1940—43). 1943 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti qadimiy va o‘rta asrlar tarixi bo‘limi mudiri, ayni vaqtda institut direktori vazifasini bajaruvchi (1956—59). Shuningdek, u Toshkent pedago-gika institutida «O‘zbekiston tarixi va arxeologiyasi»dan maxsus ma’ruzalar o‘qigan, 1936 yildan bir necha arxeologik ekspeditsiyalar (Toshkent, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va boshqa) ga rahbarlik qilgan. 1938—50 yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiya boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida qatnashib, Xorazmning sug‘orilish, dehqonchilik va shahar madaniyatining shakllanishi hamda rivojlanish tarixi bo‘yicha ilmiy tekshiruv ishlari olib borgan.

Yahyo G‘ulomov O‘zbekistonda tarix va arxeologiya sohalari bo‘yicha o‘ziga xos baynalmilal ilmiy maktab yaratgan. Uning Zarafshon va Farg‘ona vodiylarida, shuningdek, Toshkent vohasida olib borgan ishlari O‘zbekistonda, tosh, eneolit va jez davri, uning moddiy-madaniyat yodgorliklarini o‘rganishga katta hissa bo‘ldi. U, ayniqsa, Toshkent tarixi va uning yodgorliklarini tadqiq etishga alohida ahamiyat bergan. Toshkent kanali bo‘ylab, To‘ytepada maxsus arxeologik tadqiqotlar o‘tkazgan. 1966 yildagi Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish bo‘yicha shaharda boshlangan ulkan qurilishlar munosabati bilan Toshkentning arxeologik obidalarini qayd etish va o‘rganish maqsadida maxsus Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasini tashkil etgan.

«Xiva shahrining yodgorliklari» (rus tilida, 1941 yil), «Quyi Zarafshon vodiysida ibtidoiy madaniyat va sug‘orma dehqonchilikning paydo bo‘lishi» (rus tilida) kabi asarlar yozgan. «O‘zbekiston tarixi» (4 jildli), «Samarqand tarixi» (2 jildli), «Buxoro tarixi»ning asosiy mualliflaridan.

Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2002). Respublikada Yahyo G‘ulomov xotirasiga bag‘ishlangan «Akademik Yahyo G‘ulomov o‘qishlari»ni o‘tkazish ilmiy an’anaga aylangan. Toshkentdagi ko‘chalardan biri hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutiga Yahyo G‘ulomov nomi qo‘yilgan.