O'ZBEK ZIYOLILARI

Yo‘ldosh Sulaymon (1935-2004)

Yo‘ldosh Sulaymon (1935-2004)

Yo‘ldosh Sulaymon 1935 yili Qo‘qon yaqinidagi Oydinbuloq qishlog‘ida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirgach, o‘qituvchilik va murabbiylik qildi. 1960 yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi Farg‘ona davlat pedagogika institutini bitirgach, o‘rta maktablarda o‘qituvchi, Farg‘ona viloyat gazetasida adabiy xodim va bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi. Ko‘p yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining mas’ul kotibi sifatida xizmat qildi. 1996—2001 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatdi.

Yo‘ldosh Sulaymonning bolalarga atalgan “Biz sayohatchilarmiz” nomli ilk she’riy to‘plami 1966 yilda bosilib chiqqan. Shundan so‘ng o‘tgan qariyb qirq yillik qizg‘in va serqirra ijodiy faoliyati mobaynida yozuvchining “Da’vatingni eshityapman, hayot”, “Hamma havas qiladi”, “Katta yo‘lga chiqquncha”, “Boqiy umr”, “Sen mening quyoshimsan”, “Bolalar qalbi”, “Dardim sig‘mas dunyoga”, “Shahrizod bo‘l bir kecha” kabi yigirmadan ortiq she’riy va nasriy kitoblari nashr etildi.

Yo‘ldosh Sulaymonning, ayniqsa, o‘smir kitobxonlarga mo‘ljallab yozilgan “Avlodlar”, “Muhabbat”, “Jalada qolgan gul” (1997) qissalari, xalqimiz tarixining muhim davrlari qalamga olingan “Subhidam” (1973), “Vafo” (1979) va “Armon” (1998) romanlari, shuningdek, bir qator qo‘shiqlari muxlislar qalbidan mustahkam joy oldi.

Yo‘ldosh Sulaymon io‘nggi yillarda yana ham barakali ijod qilib, bir qator «Noma»lar yaratgan. «Qo‘qonnoma» (1992), «Marg‘ilonnoma» (1994), «Gulnoma» (1994), «Farg‘onanoma» (1995) shular jumlasidandir. Adib bulardan tashqari «Shahrizod bo‘l bir kecha» (1993), «Farg‘onaning quliman» (1998) kabi she’riy to‘plamlar, «Hirotga sayo-hat» (1996) kabi bolalarga bag‘ishlangan she’riy guldasta ham taqdim etgan.

Yo‘ldosh Sulaymon adabiyotimizni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.