Abdulla Jalil (1948-2021)
Shoir va publitsist Abdulla Jalil (Abdulla Abdujalilov) 1948 yil 15 mayda Namangan shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1972). To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Mash’al» ro‘znomasida adabiy xodim, Pop tuman ro‘znomasida muharrir, Pop tumani jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi kengashining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limining mas’ul kotibi bo‘lib ishlagan.
Abdulla Jalil Popda ishlayotgan vaqtda Farg‘ona, Qo‘qon fojealari ro‘y berdi. Shu munosabat bilan uning 1989 yilda «Yoshlik» jurnalida «Bo‘hton va haqiqat» nomli publitsistik maqolasi e’lon qilindi. Maqola boshqa tillarga tarjima qilindi. 1992 yilda Turkiyaning eng yirik «Zaman» ro‘znomasi Abdulla Jalil haqida katta maqola bosib chiqardi. Maqolada yozuvchining tarjimai holi bilan birgalikda, uning «Bo‘hton va haqiqat», «XX asr riyokorligi» publitsistik maqolalari hamda «Uyg‘oq ruhlar» dostonidan parchalar e’lon qilingan edi. Shundan keyin respublika matbuotida uning «Nifoq nimadan kelib chiqadi?», «Serfarzandlik gunohmi?», «Qonun va qonunsizlik to‘g‘risida» singari publitsistik maqolalari bosilib chiqdi.
1990 yilda Abdulla Jalilning «Quyoshga maktub», 1992 yilda «Uyg‘oq ruhlar», 1993 yilda «Bo‘hton va haqiqat», 1994 yilda «O‘tayotgan kun», «Vatanim onam» nomli kitoblari bosilib chiqdi.
Abdulla Jalilning «Uyg‘oq ruhlar» dostoni O‘rxun Enasoy bitiklari asosida yaratilgan. Shoir qadimgi Turk xoqonlari tilidan xalqimizning hozirgi kundagi dardu alamlarini ifoda etgan. Asar xalqni axil-ittifoq bo‘lishga, mustaqil davlatchilikni rivojlantirishga, ig‘vogarliklarni fosh etishga da’vat etadi. Vaqtni qo‘ldan boy bermaslik, imkoniyatdan foydalanishga, istiqlolni mustahkamlashga chaqiradi.
Uning «Dunganlar fojeasi», «Uch hukm yoki Sog‘uniyning uch vasiyati» nomli dostoni ham bor.
2021 yil 9 noyabr kuni vafot etgan.