O'ZBEK ZIYOLILARI

Abdulla Oripov (1941-2016)

Abdulla Oripov (1941-2016)

Abdulla Oripov (1941.21.3 — Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘i – 2016.5.11 – Xyuston, Texas shtati, AQSh) — shoir va jamoat arbobi. O‘zbekiston xalq shoiri (1990). O‘zbekiston Qahramoni (1998).

ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). «Yosh gvardiya» (1963—69), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida muharrir (1969—74), «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1974—76), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1976—82), mas’ul kotib (1985—88), Toshkent viloyat bo‘limida mas’ul kotib (1982—83), «Gulxan» jurnalida muharrir (1983—85), 1996 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, ayni vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi (1989 yildan) bo‘lib ishlagan.

Abdulla Oripovning «Tilla baliqcha», «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» singari dastlabki she’rlari talabalik yillarida yozilgan va o‘zbek she’riyatiga yangi, iste’dodli, o‘ziga xos ovozga ega shoirning kirib kelayotganidan darak bergan. Ko‘p utmay, «Mitti yulduz» (1965) ilk she’rlar to‘plamining nashr etilishi she’riyat muxlislarida paydo bo‘lgan shu dastlabki tasavvurning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlagan. Shundan keyin shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O‘zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003), “Ezgulik” (2012) singari she’riy kitoblari nashr etilgan.

Abdulla Oripov o‘zbek she’riyatiga o‘tgan asrning 60-yillarida sobiq sovet jamiyatida esa boshlagan yangi shabadaning elchisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she’rlaridan boshlab milliy she’riyatda yangi poetik tafakkurning qaror topishi yo‘lida ijod qildi; turmushda paydo bo‘la boshlagan yangicha karashlar, kishilarning ruhiy olamidagi evrilishlar, fikr va xatti-harakat erkinligiga bo‘lgan ehtiyoj Abdulla Oripov she’rlarining g‘oyaviy mundarijasini belgilab berdi.

Abdulla Oripovning dastlabki she’rlaridagi romantik kayfiyat asta-sekin o‘z o‘rnini falsafiy mushohadalarga bo‘shatib, shoirning hayotda ro‘y berayotgan voqea va qodisalarga munosabati faol tus oldi. Shu ma’noda «Tilla baliqcha», «Qo‘riqxona», «Genetika», «Olomonga» kabi she’rlar Abdulla Oripovning lirik she’riyat ufqlarini hayot muammolari tasviri hisobiga kengaytirib borayotganidan darak berdi. Xuddi shu narsa Abdulla Oripovning doston janriga murojaat etishi va liro-epik tasvir imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga sababchi bo‘ldi.

Abdulla Oripov «Jannatga yo‘l» (1978), «Hakim va ajal» (1980), «Ranjkom» (1988) kabi dostonlarida ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor berib, kishilarning ruhiy olamidagi ayrim qusurlar bilan ilmiy-texnik taraqqiyot va tafakkurning parvozi o‘rtasidagi ziddiyatni ochib tashladi. Umuman, Abdulla Oripovning she’r va dostonlarida olg‘a surilgan ma’naviy muammolar mustaqillik davrida, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etib, shoirning xuddi shu masalalar tasvirida o‘z davriga nisbatan (ularning aksari 90-yillarga qadar yozilgan) ilg‘orlab ketganini namoyish etdi.

Abdulla Oripov ijodida, bir tomondan, G‘afur G‘ulom lirikasiga xos falsafiylik ko‘zga tashlansa, ikkinchi tomondan, Hamid Olimjon she’rlariga xos musiqiy ravonlik va badiiy soddalik aks etib turadi. Mazkur 2 manba Abdulla Oripov she’rlarida o‘zaro tutashgan holda orifona she’riyatning asosiy xususiyatlarini ifodalab keladi.

Abdulla Oripovning so‘nggi yillar lirikasida tuyg‘u va kechinmalar tasviri susaymagan holda yana bir muhim fazilat bor. Bu, Abdulla Oripov she’rlariga liro-epik tasvir unsurlarining ko‘plab kirib kelishidir.

Abdulla Oripov mustaqillik yillarida adabiyotning rang-barang tur va janrlarida ijod eta boshladi. Shu davrda tarixiy adolatning tiklanishi, o‘tmishda yashagan sarkardalar va allomalar xotirasining e’zozlanishi Abdulla Oripovning Amir Temurning O‘rta Osiyo xalqlari tarixiy taqdirida o‘ynagan buyuk rolini ko‘rsatuvchi «Sohibqiron» she’riy dramasini (1998) yozishga ilhomlantirdi. Abdulla Oripov bu asarida qariyb uch asr davomida hukm surgan qudratli Temuriylar saltanatining asoschisi va 15-asrda Sharqda Uyg‘onish davrining boshlanishiga ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sharoit yaratgan Amir Temur obrazini yorqin gavdalantirib berdi. Mazkur asar respublikaning barcha yirik teatrlari va qardosh mamlakatlar sahnalarida katta muvaffaqiyat bilan o‘ynaldi.

Abdulla Oripov — O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasining matnini yozgan (1992). U Navro‘z va Mustaqillik bayramlarini o‘tkazish bo‘yicha yozilgan stsenariylarning aksariyati muallifi.

Abdulla Oripov Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida O‘zbekistondagi xoz. adabiy jarayonga rahbarlik qilgan. She’riyati Muhammad Yusuf kabi ko‘plab yosh shoirlar ijodining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan.

Dante «Ilohiy komediya»sining «Do‘zax» qismini, A. S. Pushkin, N. A. Nekrasov, T. G. Shevchenko, L. Ukrainka, R. Hamzatov, Q. Quliyev va M. Bayjiyev asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. O‘z navbatida, uning asarlari ham rus, ingliz, bolgar, turk, ukrain, turkman, ozarbayjon kabi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan.

1990 yildan O‘zbekiston Oliy Kengashi, 1995 yildan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bo‘lgan. Abdulla Oripov Kaliforniya (AQSh) Fan, ta’lim, sanoat va san’at xalkaro akademiyasining haqiqiy a’zosi. Soka universiteti (Yaponiya) professorri. Hamza nomidagi (1983) hamda Alisher Navoiy nomidagi (1992) O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati.

2016 yil 5 noyabrga o‘tar kechasi Xyuston shahridagi (AQSh, Texas shtati) kasalxonada O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasi matni muallifi, O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov og‘ir kasallikdan so‘ng 75 yoshida vafot etdi.