O'ZBEK ZIYOLILARI

Abdulqodir Muhitdinov (1892-1934)

Abdulqodir Muhitdinov (1892-1934)

Abdulqodir Muhitdinov (1892, Buxoro — 1934.1.6, Toshkent) — Buxorodagi jadidchilik harakati namoyandasi, siyosat arbobi. Boshlang‘ich ta’limni Buxoroda olgach, Istanbul madrasasida o‘qidi.

Otasi yirik savdogar Mirza Muhitdin Mansurov ilk jadid gazetasi «Buxoroyi sharif»ni moddiy jihatdan ta’minlab turgan, yangi usul maktablariga homiylik qilgan. Abdulqodir Muhitdinovning ilk maqolalari Orenburgdagi «Vaqt» gazetasida e’lon qilingan (1910).

Buxoroda 1917 yil aprel namoyishiayan keyin yosh buxoroliklar partiyasi MKga a’zo bo‘ldi. Kolesov voqeasidan keyin Samarqand, Toshkent, Moskvada muhojirlikda yashagan. Turkiston musulmonlari byurosi a’zosi (1919—20). «Qutulish» gazetasi muharriri (1920). Buxoro inqilobiy ko‘mitasi raisi, BXSR deqqonchilik noziri (1920—21).

BXSR ning dastlabki Konstitutsiyasini ishlab chiqishda qatnashgan, Buxoroda yer-suv islohoti o‘tkazilishi tashkilotchilaridan biri. Abdulqodir Muhitdinov BXSR ning xorijiy mamlakatlar bilan Rossiya vositachiligisiz mustaqil aloqa o‘rnatish, bosqinchi qizil armiyani olib chiqib ketish, xalq militsiyasi singari milliy armiya tuzishni qat’iy talab qilgan.

1921— 24 yillarda BXSR savdo va sanoat vaziri, Buxoro Xalq xo‘jaligi Oliy kengashi raisi, Buxoro Iqtisodiy kengashi raisi, BXSR nozirlar sho‘rosi raisining 2-muovini lavozimlarida ishlagan. O‘rta Osiyoda milliy hududiy chegaralanish o‘tkazilib, O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tashkil qilingach, Abdulqodir Muhitdinov Tojikiston ASSR Xalq Komissarlari Soveta raisi qilib tayinlandi (1925—29). Tojikiston SSR tuzilgach, u O‘zbekiston SSR ta’minot Xalq Komissarligida ishladi.

1933 yil 21 avgustda sovet rejimi tomonidan Abdulqodir Muhitdinov qamoqqa olinib, unga «burjua millatchisi» tamg‘asi yopishtirildi va 1934 yil 1 iyunda otib tashlandi.