O'ZBEK ZIYOLILARI

Erkin Samandar (1935)

Erkin Samandar (1935)

Erkin Samandar (asl nomi Samandarov Erkin) (1935.22.3, Xiva tumani) — yozuvchi, dramaturg. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1989). Xorazm pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1957).

Xorazm viloyat radioeshittirish qo‘mitasi o‘zbek eshittirishlari tahririyati muharriri (1959-61), O‘zbekiston KP Xorazm viloyat qo‘mitasida ishlagan (1963-67; 1990). O‘zbekiston televideniyesi «Yoshlik» studiyasi bosh muharriri (1967—69), Dasturlar direktori (1969—75), adabiy dramatik eshittirishlar bosh muharriri (1975—77), «Xorazm haqiqati» gazetasida bo‘lim mudiri, bosh muharrir (1961—63; 1977—90). O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari (1990-93) bo‘lib xizmat qilgan.

Birinchi she’riy kitobi — «Amu jilolari» (1966). So‘ngra «Osmon to‘la nur», «Dunyoning yoshligi» (1970), «Vafo degan gavhar» (1975), «Sevgi fasllari» (1973), «Mening yigit vaqtim» (1979), «Qabul soatlari» (1980), «Sohildagi bolalar» (1982), «Saylanma», «Yurakka yo‘l» kabi o‘ndan ortiq she’riy majmualarini e’lon qilgan. Mazkur to‘plamlarga kirgan deyarli barcha asarlarda yaxshi odamlar, go‘zal tabiat, insoniy muhabbat, sevgi va vafo, mehnat va hayot tashvishlari, armonlaru gumonlar, qisqasi, chuqur ma’naviyat ildizlarini ochishga intilish seziladi. U yaratgan yuzdan ortiq qo‘shiqlar tinglovchilar qalbida ham muhrlanib qolgan. Uning «Frantsiya daftari», «To‘qson daqiqa» (sakkizliklar), «Shom qo‘shiqlari» kabi turkum she’rlarida jahongashta shoirning hayot va odamlar haqidagi falsafiy xulosalari badiiy in’ikosini topgan.

Erkin Samandar, shuningdek, «Osmonning tosh tulpori», «Oltin sandiq», «Erk sadolari», «Ishqiy maktublar» kabi dostonlar muallifi.

Tarixiy mavzularda bir qancha sahna asarlari ham yaratgan («Javohir», 1980; «Ajdodlar qilichi», 1985; «Bashorat», 1994; «Jaloliddin Manguberdi», 1999; «Arabmuhammad Bahodirxon», 2002). «Pahlavon Mahmud Piryorvaliy» (1995), «Suyanch» (1996), «Ming otlilar diyori» (2003) singari qissa va badialari ham bor. «Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq» (1988), «Tangri qudug‘i» (1994) va boshqalar romanlari zamonaviy o‘zbek romanchiligi rivojida o‘ziga xos o‘rin tutadi.