O'ZBEK ZIYOLILARI

Halima Xudoyberdiyeva (1947-2018)

Halima Xudoyberdiyeva (1947-2018)

Halima Xudoyberdiyeva (1947.17.5, Boyovut tumani — 2018.17.8) — O‘zbekiston xalq shoirasi (1992). Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). «Saodat» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982-94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978-82), O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990-94), «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir (1996-98), «Sanam» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998-2003), 2004 yildan «XXI asr» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan.

Halima Xudoyberdiyevaning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tuman gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiqqor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga yetganlar bor», «Hurlik o‘ti» (1993), «To‘marisning aytgani» (1996) «Yo‘ldadirman» (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan.

Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar — sevgi va sadoqat, mexr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she’riy to‘plamlaridan boshlab o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning to‘laqonli va faol a’zolari, balki shu jamiyatning kurki va bezagi ekanligini uqtirishga intildi. Uning tasviridagi ayol har qanday xalq va mamlakatning kelajagi — sog‘lom va barkamol yoshlarni yetkazib beruvchi mo‘jizaviy kuchdir. Halima Xudoyberdiyeva ayni shu nuqtai nazardan o‘zbek ayollarining o‘y-xayollarini, ichki kechinmalarini yorqin tasvirlaydi, zamondoshlarida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini o‘stirishga intiladi.

Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning «Alla» pesasi Halima Xudoyberdiyevaning avtorlashtirilgan tarjimasida hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgan.

U Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.

1-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990).