O'ZBEK ZIYOLILARI

Sa’dulla Siyoyev (1939-2021)

Sa’dulla Siyoyev (1939-2021)

Sa’dulla Siyoyev 1939 yil 25 martda Qozog‘istonning Turkiston shahri yaqinidagi Qarnoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1957—1962). Toshkent radiosida, «Mushtum» hajviy jurnalida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiyot jamg‘armasida, respublika televideniyesida ishlagan.

Sa’dulla Siyoyev o‘z ijodini she’r yozishdan boshlagan. Uning dastlabki she’ri 1956 yilda «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bosiladi. U she’rlar bilan bir qatorda «Qiz bolaning pandi» (1963), «Ming bir qiliq» (1964), «Charxpalak» (1965), «Uyimizga mehmon keldi» (1966) kabi hikoyalarini ham e’lon qilgan.

Yozuvchining birinchi hikoyalar to‘plami — «Qasam ichmagan yigit» 1970 yilda chop etildi. Bu to‘plamga uning lirik va hajviy hikoyalari kiritilgan. Shundan so‘ng S. Siyoyevning «Sadag‘ang ketay» (1972), «To‘ylar muborak» (1975), «Oy borib, omon keling» (1976), «Og‘ir vaznli janjalkash», «Erkaklar uchun ertaklar» kabi hikoyalar to‘plamlari bosilib chiqdi.

Keyingi yillarda uning qissa va hikoyalardan iborat «Yorug‘lik» (1986), «Beparvo bo‘lmoqchiman» (1990), “Yolg‘onchining rost gapi” (2010) kitoblari hamda «Avaz» (1987) romani o‘quvchilar hukmiga havola etildi.

1993 yilda uning «Yassaviyning so‘nggi safari» romanining birinchi kitobi, 1997 yilda esa «Haqiqat yo‘li» deb nomlangan ikkinchi kitobi chop qilindi. 2012 yili asar yaxlit holda “Ahmad Yassaviy” nomi bilan chop etildi.

S. Siyoyev hikoyalari rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillariga tarjima qilingan. Ayni chog‘da u Mixail Zoshchenko, Leonid Lench, Ark. Arkanov, G. Gorin kabi rus yozuvchilarining ko‘plab hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

2021 yil 20 fevralda Toshkent shahrida vafot etgan.