O'ZBEK ZIYOLILARI

Shuhrat Abbosov (1931-2018)

Shuhrat Abbosov (1931-2018)

Shuhrat Solihovich Abbosov 1931 yil 16 yanvarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1949 yili Toshkent tibbiyot texnikumi, 1954 yili Toshkent teatr san’ati davlat instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ning rejissyorlik fakultetini tamomlagan. U «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni, Davlat mukofoti, «El-yurt hurmati» ordeni va boshqa qator orden va medallar bilan mukofotlangan.

Mehnat faoliyatini Yangiyo‘l shahridagi Toshkent viloyati musiqiy drama teatrida rejissyor sifatida boshlagan. 1958 yili «Mosfilm» studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kursini tamomlagan. 1982-1986 yillarda «O‘zbekfilm» kinostudiyasida rejissyor, keyinchalik direktor, O‘zbekiston kinematograflari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan.

O‘zining 60 yildan ziyod ijodiy faoliyati davomida milliy teatr va kino san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan Sh.Abbosov tomonidan yaratilgan «Maysaraning ishi», «Og‘riq tishlar» kabi spektakllar, «Sen yetim emassan», «Mahallada duv-duv gap», «Toshkent – non shahri», «Abu Rayhon Beruniy» singari badiiy filmlar san’atimizning «oltin fondi»dan munosib va mustahkam o‘rin egallagan.