O'ZBEK ZIYOLILARI

Xurshid Davron (1952)

Xurshid Davron (1952)

Iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvar kuni Samarqand viloyati, Samarqand tumanidagi Chordara qishlog‘ida tug‘ilgan.

Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1969). Turli nashriyot va ijodiy tashkilotlarda ishlagan (1974— 94). Ma’naviyat va ma’rifat markazida rahbar o‘rinbosari (1994—96), 1996 yildan O‘zbekiston televideniyesi «Yoshlar» telekanalining bosh direktori bo‘lib ishlagan.

Uning ilk she’rlari 1976—1977 yillardan boshlab «Sharq tongi» tuman gazetasi, «Lenin yo‘li» viloyat gazetasida bosilgan. Katta adabiyotga kirib kelishi 1976 yili «Guliston» jurnalida ustoz shoir Erkin Vohidovning oq yo‘li bilan boshlangan.

Dastlabki she’rlar to‘plami — «Qadrdon quyosh» (1979). «Shahardagi olma daraxti» (1979), «Tungi bog‘lar» (1981), «Uchib boraman qushlar bilan» (1983), «To‘marisning ko‘zlari» (1984), «Bolalikning ovozi» (1986), «Qaqnus» (1987), «Polyot odinokoy ptitsы» (1989), «Samarqand xayoli» (1991), «Bahordan bir kun oldin» (1997) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

She’rlarida voqelikka yangicha nigoh bilan qarovchi, tabiat, jamiyat va kishilar hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlarni sinchkovlik bilan kuzatuvchi, ayni paytda bokira yoshlikka xos hayrat xissini saqlab qolgan zukko shoir sifatida gavdalanadi. Xurshid Davron so‘zga, ifoda vositalari va she’riy shakllarga yuksak mezonlar asosida yondashadi.

Xurshid Davron 90-yillarda she’riyatdan ko‘ra nasriy janrlarda samarali ijod qildi. U olis o‘tmishda yashagan unutilmas tarixiy siymolar hayoti va faoliyati bilan qiziqib, ular haqidagi mo‘tabar qo‘lyozma manbalar bilan tanishdi va Bibixonim haqida «Samarkand xayoli» (1991), Ulug‘bek haqida «Sohibqiron nabirasi» (1995), Shayx Kubro haqida «Shahidlar shohi» (1998) kabi tarixiy-ma’rifiy kissalarni yaratdi. Xurshid Davron bu asarlari bilan 90-yillarda O‘zbekistonda tarixiy o‘tmishga bo‘lgan munosabatning yana ham qizg‘in tus olishiga munosib hissa qo‘shdi.

Xurshid Davron bunday tarixiy siymolar hayotini puxta o‘rganib, ular haqida sahna asarlari ham yozdi («Mirzo Ulug‘bek» — «Alg‘ul», 1995; «Boburshoh», 1996). Xurshid Davron tarixiy mavzudagi bu asarlari bilan hozirgi o‘zbek dramaturgiyasiga o‘tmishda yashagan ajoyib vatandoshlarimizning yorqin obrazlarini olib kirdi.

Xurshid Davron ayni paytda Samarqandda Amir Temurning 660, Ulug‘bekning 600 yilligiga, Parijda «Odeon» teatrida Buxoro va Xivaning 2500 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan teatrlashtirilgan tomoshalar va 21 qismdan iborat «Temurnoma» videofilmi va «Buxoroyi sharif» (2 qismli) telefilmi stsenariylari muallifi.

Sharq va G‘arb shoirlarining asarlaridan iborat «Qirq bir ishq daftari» (1989) va yapon shoirlarining she’rlaridan tarkib topgan «Dengiz yaproqlari» (1988) to‘plamlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Xurshid Davron 2-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati. O‘zbekiston xalq shoiri (1999), «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997).